Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2025-yilda amalga oshiriladigan vazifalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kelgusi o‘quv yilida 100dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat ta’lim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi.

Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400taga yetkaziladi.

Dunyodagi ilg‘or tajribalar, yangi uslublar amaliyotga kiritilmoqda. Jumladan, bu yil 1500ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.

O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70%gacha ustama beriladi.

Davlat rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida o‘quv jarayonlari o‘zgartiriladi.

Bunda har bir o‘qituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan o‘ta olmaganlar alohida dastur asosida qo‘shimcha o‘qitiladi.

Viloyatlardagi 5ta Pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion o‘quv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.

Ta’lim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qo‘shimcha manbalar hisobidan, maktab va bog‘chalar direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish taklifi bildirildi.

Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi.

Kelgusi o‘quv yiligacha bu fan bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqiladi, kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilar ishga jalb etiladi.

Mudofaa vazirligi bilan birga 208ta ta’lim maskanida “Jasorat maktablari” tashkil etiladi. Bu maktablarga tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinadi.

Joriy yil 30-sentabrda qabul qilingan prezident farmoniga muvofiq, 2025-yildan boshlab, maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.

Keyingi yil 162ta maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, 100ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 78%ga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlang‘ich sinf o‘quv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.

Prezident sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy ta’lim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Avvalroq “Spot” nodavlat maktabgacha va maktab tashkilotlari barcha turdagi soliq va yig‘imlardan ozod qilinishi haqida yozgandi.

Ularda ishlayotgan chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lamaydi.