“SpaceX” va “Tesla” kompaniyalari asoschisi Ilon Maskning fikricha, sun’iy intellekt inson qobiliyatlaridan bugun taxmin qilinganidan ancha oldinroq o‘zib ketadi. Bu haqda u o‘zining “X” (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘i blogida ma’lum qildi.

2023-yilda Ilon Mask “x.AI Corp” sun’iy intellekt kompaniyasiga asos solgan. Uning birinchi mahsuloti “Grok” chat-boti bo‘lib, u so‘rovlarga tez javob beradi, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga kirish huquqiga ega, tasvirlarni yaratadi va kod bilan ishlaydi. Hozirda kompaniyaning qiymati $40 mlrddan ortiq deb baholanmoqda.

Mask 2025-yil oxirigacha sun’iy intellekt har qanday odamning aqlidan, 2027−2028-yillar oralig‘ida esa ehtimol barcha insonlarning aqlidan ustun bo‘lishini taxmin qilmoqda.

ilon mask, sun'iy intellekt

Mask, shuningdek, “ChatGPT” chat-botini yaratgan “OpenAI” texnologiya kompaniyasining hamta’sischisi bo‘lgan, biroq keyinchalik u kompaniyani tark etgan.

Shu yilning mart oyida Mask “OpenAI” va uning bosh direktori Sem Altmanga qarshi sudga da’vo kiritdi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, dastlab notijorat loyiha sifatida o‘ylangan tashkilot “Microsoft” kompaniyasining “sho‘ba korxonasi"ga aylanib qolgan.

“OpenAI"da ta’kidlanishicha, Mask jamoada chuqur hurmat uyg‘otgan va ularni yutuqlarga ilhomlantirgan. Biroq, rahbariyat so‘zlariga ko‘ra, milliarder avvaliga loyihaning tez orada muvaffaqiyatsizlikka uchrashini bashorat qilgan.

Keyinchalik Mask raqobatchi kompaniya tashkil etgan va hozirda sobiq hamkorlari bilan sudlashmoqchi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, milliarder shuningdek, “OpenAI"ni moliyalashtirish uchun “Tesla"ga qo‘shilishni ham taklif qilgan.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask Texasda o‘z shahriga ega bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, u Texasdagi “Starbase” kosmodromini shaharga aylantirmoqchi.