“My Freighter” xususiy aviakompaniyasi Vengriya va Saudiya Arabistonida aviatashuvchi sertifikatlarini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “ch-aviation” nashri xabar berdi.
Bu haqda nashrga aviatashuvchining hammuassisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yuk aviatashuvlari sammitida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya xorijiy bozorlardagi faolligini oshirishni rejalashtirmoqda.
“Yangi yuk liniyalari bizga Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika, Yaqin va Uzoq Sharqda o‘z faoliyatimizni kengaytirish imkonini beradi. Kelgusida biz Lej va Ostravaga yuk yetkazib berish uchun Navoiyda yangi xab ochishni rejalashtirmoqdamiz,” — dedi Abdurahmonov.
Shuningdek, “My Freighter” kelgusida Singapur, Malayziya va Tinch okeani davlatlari bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Hindiston va Pokistonga muntazam yuk reyslari yo‘lga qo‘yiladi.
Kompaniya yangi yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatish uchun havo parkini 20ta samolyotga yetkazishni rejalashtirmoqda. Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda 5ta yangi havo kemasi kelishi kerak.
“My Freighter” 2019-yilning oxirida tashkil etilgan. Kompaniya taʼsischilari Hafizjon G‘ofurov va Abdulaziz Abdurahmonov hisoblanadi. Oldin “Uzbekistan Airways"ning charter reyslarida parvozlarni amalga oshirgan.
O‘tgan yilning oktabrida “My Freighter” aviakompaniyasi o‘zining birinchi Boeing 747−200 samolyotini sotib oldi. Tashuvchi yaqin kelajakda yana 5ta 747 turdagi yuk kemalarini olishni, besh yil ichida esa aviaparkni 20ta samolyotga yetkazishni rejalashtirgan.
Avvalroq “Fly Khiva” Toshkentdan Urganchga birinchi yo‘lovchi reysini amalga oshirgani haqida yozgandi.