Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilgi rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Muloqotda farmatsevtika mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Samarqanddagi “Meros Phram” kompaniyasi direktori Suhrob Po‘latov bugungi kunda barcha kompaniyalar ham imtiyozlardan foydalanmayotganini ta’kidladi. 2014−2015-yillar oralig‘ida uchta kompaniyaning aylanmasi 6 trln so‘mga yetdi, buni tadbirkor valyuta liberallashtirilishi va “prezidentning xalqaro maydondagi faol faoliyati” bilan izohladi.
“O‘zbekiston farmatsevtika bozorida, ya’ni dorixona tarmog‘ida adolatli raqobat o‘rnatish maqsadida barcha dorixonalar uchun QQSni [to‘lashga o‘tish] bo‘yicha yagona tizimni joriy etishni taklif qilaman. Bugungi kunda yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan yirik kompaniyalar bilan [1 mlrd so‘mdan] kam mablag‘ga ega bo‘lganlari o‘rtasida farq bor — ularning aylanmadan stavkasi boshqacha (4% — „Spot“ izohi)”, — dedi tadbirkor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, QQS to‘loviga o‘tish chegarasining bekor qilinishi O‘zbekistondagi barcha dorixonalarda narxlarni shakllantirishda yagona yondashuvni beradi. Prezident ham bu adolatli bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, QQSning joriy etilishi tovarni ishlab chiqaruvchidan dorixonalar tarmog‘igacha kuzatib borish imkonini beradi, deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Suhrob Po‘latov (o‘ngda). Foto: O‘zbekiston 24
O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev “Meros Phram” vakili “juda adolatli savol"ni ko‘targanini ta’kidladi. Davlat rahbari Soliq qo‘mitasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda, dorixonalar vakillarini muhokamalarga taklif qilgan holda mazkur masalani o‘rganishni topshirdi.
“Raqobatga hamma tayyor bo‘lishi kerak. Agar ikki stavka qo‘yilsa, hech qachon raqobat bo‘lmaydi. Shuning uchun ularning fikrlarini o‘rganib, menga takliflar kiriting. Buni tartibga solish vaqti keldi. Uni ham tartibga solsak, bu to‘g‘ri bo‘ladi va rivojlanishni ta’minlaydi”, — deya xulosa qildi prezident.
Avvalroq mahalliy farmatsevtika korxonalari uchun bojxona imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytirilishi haqida xabar berilgandi.