Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilmurod Artikov rasmiy organlarga xususiy OTMlar uchun yangi yig‘imning belgilanishi yuzasidan deputat so‘rovini yubordi. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 29-noyabr kuni chiqarilgan respublika oliy ta’lim Kengashining bayonnomasi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan. Unda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4%ini o‘tkazish tartibi belgilangan.
Qonunchiliikda tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlangani, hech bir tashkilot asossiz ravishda tadbirkorlarga, shu jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga turli to‘lovlar joriy qilish vakolatiga ega emasligi ta’kidlangan.
“Mazkur holat sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab"ga aylantirish kabi islohotlarga salbiy ta’sir qilishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Dilmurod Artikov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri va Bosh prokurordan respublika oliy ta’lim Kengashi tomonidan qabul qilingan bayonnomaning qonunchilikka muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish hamda o‘z nuqtayi nazarini bayon etishini so‘ragan.
Bayonnomani e’lon qilgan iqtisodchi Yuliy Yusupov bu tashabbusni keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga bayonnoma bilan faqat shartnoma imzolanganda tanishish taklif qilingan va yig‘imni “kechiktirilgan sana"da undirish “aql bovar qilmaydi”.
“O‘zbekistonda yangi soliqlarni nafaqat Oliy Majlis, balki qayerdan kelib chiqqanligi va nima bilan shug‘ullanayotganligi noma’lum bo‘lgan har qanday davlat muassasasi ham joriy qilishi mumkin”, — dedi Yusupov.
Tadbirkor Bektosh Hatamov nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan mazkur yig‘imning undirilishini yomon signal deb atadi. “Chunki bu davlatda qonunlar ishlamasligini, kim qachon xohlasa, o‘sha vaqtda qaror qabul qilib, soliq yig‘ishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu esa investitsiya, har qanday investor uchun tahlika yaratadi”, deb yozadi u.
Shuningdek, u hujjatda rektorlar (direktor) dan kelasi yilda “atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun professor-o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqini ishlab qolish nazarda tutilganini ham qoraladi.
Sobiq deputat, shuningdek, “Yosh Ziyokor” nodavlat ta’lim muassasalari uyushmasi rahbari Rasul Kusherbayev ham Prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov nomiga murojaat yo‘llagan. U o‘sha protokol bilan tasdiqlangan kengash tarkibiga e’tibor qaratdi.
“Tabiiy savol tug‘iladi: hukumat qarori bilan tuzilib, biroq hukumat qarorlaridan ham ustun qarorlar chiqarayotgan ushbu Kengashning bu kabi vakolatlari qaysi qonunda belgilangan? Yoki bizga ma’lum bo‘lmagan maxfiy vakolat berilgan hujjatlar bormi?”, — deydi u.
Respublika oliy ta’lim Kengashining joriy yil 29-noyabrdagi majlisi bayoni bilan hukumatning 2019-yilning dekabrida tasdiqlangan kengash tarkibi yangilangan.