O‘zbekistonda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — $75 mingga sotildi. Bu haqda respublika tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.
24-dekabr kuni avtoraqam.uzex.uz savdo platformasida o‘tkazilgan onlayn auksionda jami 4,92 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotildi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 675ta avtomobil raqami xarid qilingan. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 7,3 mln so‘m, eng arzon avtoraqam qiymati esa 1,9 mln so‘m bo‘lgan.
Shu kuni sotilgan eng qimmat “chiroyli” avtoraqam qiymati 965,3 mln so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha — $74,77 ming) ni tashkil etdi. Bu bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.
“Chiroyli” avtoraqamning maksimal qiymati ketma ket ikki kun yangilandi. Bundan bir kun oldin, 23-dekabr kuni birjada xarid qilingan eng qimmat avtoraqam 551,3 mln so‘m bo‘lgandi.
9 oyda birja savdolarida 152 mingdan ortiq avtomobil raqamlari sotilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 620 mlrd so‘mni tashkil etadi. Avtoraqamlarning 97%i jismoniy, qolgan 3%i esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng qimmat sotilgan “chiroyli” avtoraqam qiymati 517,1 mln so‘mni tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinda 10-iyul kuni 508 mln so‘mga sotilgan avtomobil raqami turibdi.