Zomin aeroporti yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi to‘xtatilib turibdi. Bu haqda “O'zgidromet” xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur aeroportda katta aviabortlarni qabul qilish bo‘yicha ikkinchi bosqich ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, meteorologik qurilmalarni ham modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Zomin aeroportida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ishlar yakunlanishi va aeroport yo‘lovchilarni yana qabul qilishni boshlashi haqida xabar beramiz”, deyiladi xabarda.
Mazkur aeroport 2023-yil sentabrida foydalanishga topshirilgandi. “Tres 001” qurilish tashkiloti tomonidan bunyod etilgan aeroport 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminaliga ega bo‘lib, buning uchun 60 gektar yer maydon ajratilgan.
Joriy yil yanvarida endi ayrim fuqarolarga Mo‘ynoq va Zominga aviaparvozlar uchun 50%lik chegirma taqdim etilishi xabar berilgandi. Bunda aviakompaniyalarning imtiyozli ta’riflar bo‘yicha xarajatlari byudjetdan qoplab berilishi belgilanadi.