“Air Arabia” aviakomaniyasi Toshkent-Ras-al-Xayma yo‘nalishi bo‘yicha mavsumiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qish mavsumi uchun parvozlar 27-dekabrdan boshlanib, haftada bir marta juma kunlari “Airbus 320” samolyotlarida amalga oshiriladi.
Parvozlar jadvali (mahalliy vaqt bilan):
- Ras-al-Xaymadan jo‘nab ketish — 9:10, Toshkentga yetib kelish — 13:20;
- Toshkentdan jo‘nab ketish — 14:40, Ras-al-Xaymaga yetib kelish — 17:10.
Bir tomonlama chipta narxi 2 282 523 so‘mdan boshlanadi. Narx chop etilgan vaqtdagina amal qiladi.
Bu BAAda Dubay va Abu-Dabidan keyin loukoster orqali O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan uchinchi amirlik bo‘ladi.
“Air Arabia” 2020-yil sentabr oyida O‘zbekistonga parvozlar uchun ruxsat oldi va shu bilan birga Abu-Dabi-Toshkent yo‘nalishida aviareyslarini yo‘lga qo‘ydi.
“Air Arabia” — shtab-kvartirasi Sharjada (BAA) joylashgan arab loukoster aviakompaniyasi bo‘lib, Sharja va Iskandariya aeroportlaridan, shuningdek Marokashning to‘rtta aeroportidan Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va MDH mamlakatlariga yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshiradi.
Avvalroq “Qanot Sharq” bir qancha reyslari bekor qilinganligi haqida xabar bergandi.
Xususan, aviakompaniya 2024-yil 31-dekabr va 2025-yil 1-yanvar kungi 17ta reysi amalga oshirilmasligini ma’lum qildi.