Toshkentdan Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq” erkin turistik zonasiga mavsumiy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Yangi yil bayrami munosabati bilan Toshkent viloyatiga keluvchi xorijiy va mahalliy sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida poytaxtdan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga („Chorvoq“ erkin turistik zonasiga) grafik asosida harakatlanuvchi mavsumiy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.
Qatnovlar “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan 2024-yilning 28-dekabridan 2025-yilning 5-yanvar kuniga qadar amalga oshiriladi.
Avtobuslar quyidagicha harakatlanadi:
- “Mashinasozlar” metro bekatidan — soat 09:00 va 16:00da jo‘naydi;
- Chorvoqdan esa 12:00 va 16:00 qaytadi.
Yo‘lkira narxi 20 ming so‘mni tashkil etib, qatnovlar “Yutong” avtobuslarida amalga oshirilmoqda.
2023-yilning iyun oyi boshida poytaxtdan “Chorvoq” erkin turistik zonasiga grafik asosida qatnovchi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgandi.
Davlat rahbari “Qamchiq” dovoni orqali turistik mikroavtobus, Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishini belgilab bergan.
Avvalroq Yangi yil bayramida Toshkentdagi avtobuslar qanday ishlashi ma’lum qilingandi.
Avtobus harakati 14-dekabrda ish kunlari, 30−31 dekabrda esa yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida tashkil etiladi.