Markaziy bankning “CERT-CBU” Kiberxavfsizlik markazi APWG xalqaro tashkiloti a’zoligiga qabul qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
APWG (“Anti-Phishing Working Group” — Fishingga qarshi kurashish guruhi) xalqaro tashkilotiga a’zolik Markaziy bankning Kiberxavfsizlik markazi uchun bank va to‘lov tizimlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish hamda dunyo bo‘ylab yuzaga kelayotgan kiberxavflar to‘g‘risidagi ogohlantirishlardan xabardor bo‘lish kabi imkoniyatlarni beradi.
Shu bilan birga, tashkilot fishing, SMS-xujumlar, zararli domenlar va IP-manzillar haqida katta miqdordagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali kiberxavfsizlik xatarlarining oldini olish bo‘yicha samarali harakatlar rejasini tuzishga yordam beradi.
Bundan oldin Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga a’zo bo‘lgandi. Regulyator a’zolik islom moliyasini tartibga solishda boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganishga yordam berishini kutmoqda.
Avvalroq Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajonov “Spot"ga firibgarlikka qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani, bu yil kiberjinoyatlarning qanday “sxemalari” tarqalgani va firibgarlarga aldanganlar nima qilishi kerakligi haqida so‘zlab bergandi.
APWG xalqaro tashkiloti 2003-yilda tashkil etilgan. Markaz kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha global miqyosda ma’lumot almashish, izlanishlar olib borish hamda jamoatchilikni xabardor qilish bilan shug‘ullanadi. Hozirda turli mamlakatlardan 2 300ta tashkilotni qamrab olgan.