Joriy yilning o‘tgan davrida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 8289ta holat aniqlandi.
Ushbu noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga jami 1 trln 409 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi maʼlum bo‘ldi.
Unga ko‘ra elektr energiyasi bo‘yicha 730,1 mlrd so‘m (91ta mayning, 184ta AGTKSh, 1 422ta suv nasosi) va tabiiy gaz bo‘yicha 679,1 mlrd so‘mlik (57ta AGTKSh, 64ta issiqxona, 5ta oxak sexi) energiya resurslari talon-toroj qilingan.
O‘rganishlar davomida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan 51ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasining litsenziyasi bekor qilindi.
Shuningdek, iteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 9084ta maʼmuriy ish rasmiylashtirildi.
Neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida AYQSh va korxonalardan olingan tahlil naʼmunalaridan 189ta holatda 5 mln 348 ming litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.
Quvvati 50 kW va undan yuqori bo‘lgan isteʼmolchilarga berilgan ko‘rsatmalar davomida 25730ta isteʼmolchida reaktiv energiyasini kompensatsiya qilish bo‘yicha qurilmalarni o‘rnatilishi taʼminlandi.
Buning natijasida o‘tgan yilga nisbatan 26ta podstansiya va 671 ta tarmoqlarda quvvat koeffitsiyenti ko‘tarilishiga erishildi.
Shuningdek, berilgan ko‘rsatmalarni bajarmagan 1 ming 523 ta isteʼmolchiga maʼmuriy bayonomalar tuzildi.
2023-yilda O‘zbekistonda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 9 446ta holat aniqlangan edi.
Xususan, 748,6 mlrd so‘mlik 767 mln metr kub tabiiy gaz va 251,9 mlrd so‘mlik 335 mln kilovatt-soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Natijada davlat manfaatlariga jami 1,5 trln so‘m zarar yetkazilgan.
Shuningdek, 2 134ta ma’muriy qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, 204 mlrd so‘mlik jarimalar undirishga qaratilgan.