26-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi metan “zapravka"lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar olib tashlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ularda Toshkent shahri va Toshkent viloyatlaridagi ayrim shoxobchalar ishlay boshlagani aytilgan.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatilmoqda.
Xususan, ayrim AGTKShlarga gaz yetkazib berish boshlangan, ayrimlarida esa ishlash vaqti soat 17:00gacha uzaytirildi. Hozircha metan “zapravka"lar to‘liq 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan.
Vazirlik matbuot xizmatining qayd etishicha, hafta oxirigacha bosqichma-bosqich cheklovlar bekor qilinishi mumkin. Hozircha metan “zapravka"lar to‘liq 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan.
23-dekabr kuni metan “zapravka"lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar olib tashlanishi mumkinligi xabar berilgandi. Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev cheklovlar joriy hafta oxirigacha quvurlardagi tabiiy gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishini ma’lum qildi.
Joriy yilning 9-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.
Bundan tashqari, haydovchilarni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun birjaga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi. Vazirlik talab va taklifdan kelib chiqib, hajm qo‘shimcha oshirilishini ta’kidladi.