Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l magistralining texnik-iqtisodiy asoslashini (TIA) ishlab chiqishga start berildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

24-dekabr kuni kompaniya rahbariyati Janubiy Koreyaning “Saman Corporation” kompaniyasi loyiha menejeri Jin Kanga bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yangi yuqori tezlikdagi yo‘lovchi temir yo‘li qurilishining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishi bo‘yicha ishlarning boshlanishini muhokama qildi.

Yangi magistral ikki yirik shahar o‘rtasidagi qatnov vaqtini sezilarli darajada qisqartirishi, yo‘lovchilarga qulaylik darajasini hamda transport xizmatlari sifatini oshirishi qayd etildi.

Tomonlar, shuningdek, loyiha mintaqalararo aloqalarni yaxshilash, yo‘lovchilar oqimini va tezyurar poyezdlar qatnovini ko‘paytirishda muhimligini ta’kidladilar.

“Loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini mustahkamlashga yordam beradi va mamlakat transport sanoatini yangi bosqichga olib chiqadi”, deyiladi xabarda.

janubiy koreya, temir yo‘l, texnik-iqtisodiy asoslash, toshkent-samarqand

Muzokaralar natijasida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash jarayonini tezlashtiradigan ishchi guruh tuzishga qaror qilindi.

Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li

Joriy yilning sentabr oyida prezident Toshkent-Samarqand hamda Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Dekabrga kelib Turkiyaning “Rönesans holding” kompaniyasi mazkur tezyurar temir yo‘lni qurishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi esa loyihaga mablag‘ ajratmoqchi ekanligi xabar berildi.

Undan keyin Janubiy Koreya milliy temir yo‘l korporatsiyasi (Korail), “Saman” va “Dongmeong Technology Corporation” kompaniyalaridan iborat “K-Rail” jamoasi TIAni ishlab chiqishi ma’lum bo‘ldi. Jarayon 15 oy — 2026-yilning mart oyigacha davom etib, loyiha Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hisobidan moliyalashtiriladi.