Yil davomida xorijda tahsil olayotgan vatandoshlarimiz o‘zlari ta’lim olayotgan oliygohlari, o‘qish jarayonlari va mavjud grantlar dasturlari haqida ma’lumotlarni bo‘lishib bordi.
“Spot” yil yakunlarini sarhisob qilib, xorijdagi vatandoshlarimiz ta’lim olayotgan oliygohlar ularda mavjud grant dasturlari haqida ma’lumotlarni bir nuqtaga jamladi.
Xitoyda ta’lim
Oliygoh. Xitoyning Shanxay Jiao Tong universitetida ta’lim olayotgan vatandoshimiz Shahnoza Tulyakova oliygohi, undagi ta’lim jarayoni haqida ma’lumot bergandi. Yana bir o‘zbekistonlik talaba qiz Odina Marufjonova o‘zi ta’lim olayotgan Xitoyning Jiangsu universiteti, grant dasturi haqidagi ma’lumot bilan o‘rtoqlashgan.
Shanxay Jiao Tong oliygoh Xitoyning 5ta eng yaxshi universitetlaridan biri bo‘lib, xorijlik talabalarga grantlar ajratdi. Har bir universitetda har xil turdagi stipendiyalar uchun ariza topshirishning ma’lum muddati mavjud. Odatda, keyingi o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish oktabr oyida boshlanadi.
Grant dasturlari. Xitoy hukumati Xitoy universitetlarida o‘qish uchun barcha asosiy xarajatlarni qoplaydigan grant ajratadi. Unda butun dunyodan bakalavr, magistratura va PhD darajasi uchun nomzodlar xitoy yoki ingliz tilida o‘qitiladigan dasturlarga hujjat topshirishlari mumkin: xitoy tili uchun HSK-sertifikatlari va ingliz tili uchun IELTS/TOEFL sertifikatlarini taqdim etish kerak bo‘ladi.
Grant qo‘lga kiritgan talabalar o‘qish to‘lovidan ozod etiladi, sug‘urta xarajatlari ($117) qoplab beriladi, hamda universitet yotoqxonasidan joy yoki yashash uchun qo‘shimcha mablag‘ va oylik 3000 yuan ($420) miqdoridagi stipendiya beriladi.
Bundan tashqari, 2024-yildan Xitoyning Sidian universiteti (Xidian University) o‘zbekistonliklarga IT-ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha $1,1 mlnlik grant ajratgan. Dastur IT-yo‘nalishidagi kurslarda to‘liq va qisman o‘qish xarajatlarini qoplash imkonini beradi.
“CSC” eng yuqori grant dasturi hisoblanadi. Unga hujjat topshirish jarayoni onlayn amalga oshiriladi. “CSC” granti bepul o‘qish imkoniyatini beradi. Ya’ni dastur ta’lim xarajatlari, shuningdek, sug‘urta va yotoqxona xarajatlarini qoplaydi. Oziq-ovqat xarajatlari esa bundan mustasno.
Qabul qilingan talabalarga taxminan quyidagicha stipendiya ajratiladi:
- til kursi uchun oyiga — 2500 yuan ($350);
- bakalavr darajasi uchun oyiga — 2500 yuan ($350);
- magistr darajasi uchun oyiga — 3000 yuan ($420).
Italiyada ta’lim
Oliygoh. Yana bir vatandoshimiz Tolibjon Olimjonov Italiyaning Turin politexnika universitetida ta’lim olgan. Avvalroq, “Spot"ga Italiyaning Padua universiteti magistranti Sitora Salaeva ta’lim jarayoni, grant dasturi haqida so‘zlab bergandi. Yana bir Italiyada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik Abrorjon Yormatov esa Sapienza universiteti haqida fikrlarini ulashgandi.
Italiyada o‘quv yili ikki semestrga bo‘linadi, birinchisi oktabrdan yanvargacha, ikkinchisi — fevraldan iyungacha davom etadi. Har semestrda ko‘pi bilan 4ta fan berilib, darslar o‘rtacha 6 soat davom etadi.
Italiyada 47ta universitet bor va Abrorjon Yormatov tanlagan Sapienza universiteti top-5likka kiradi.
Grant dasturlari. Italiya grantlarida oilaviy daromadi yiliga €24 mingdan oshmaydigan talabalarga yordam beriladi. Stipendiya bir yillik hisoblanadi. Nomzodlarning fuqaroligi va yoshi bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Grant sohiblari to‘lovlaridan ozod bo‘lishi bilan birga, yotoqxona bilan €2500 yoki yotoqxonasiz €5000gacha moddiy yordam va oziq-ovqat nafaqasi oladi.
Italiyaning har bir viloyatida stipendiyalar taqdim etadigan notijorat tashkilotlar bor. Masalan, Piemonte universitetining “EDISU”-granti qabul qilingan va o‘qiyotganlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Stipendiya barcha o‘qish va yashash xarajatlarini qoplaydi. Yordam puli talabaning moliyaviy ahvoli va ilmiy yutuqlariga bog‘liq — miqdori €7000gacha boradi.
Deyarli barcha universitetlar chet elliklarga turli grantlar ajratadi. Uning qiymati va davomiyligini oliygohning o‘zi belgilaydi. Masalan, Padua universiteti beshta stipendiya dasturini taklif qiladi. Milan politexnika universiteti €10 ming qiymatidagi 10ta Platinum stipendiyasi, €5minglik 56ta Gold stipendiyasi va 70ta bepul Silver stipendiyasini taqdim qiladi. Rimdagi Sapienza universiteti magistraturaga o‘qishga kirgan va Italiyadan tashqarida bakalavr darajasiga ega bo‘lgan iqtidorlilarning har biriga €4000dan to‘laydi.
Fransiyada ta’lim
Oliygoh. Malika Tursunova “Spot"ga Fransiyaning Stratsburg universitetida ta’lim jarayoni haqida ma’lumot bergandi. Universitetdagi ba’zi fanlar sohaga doir bo‘lmasada majburiy tarzda o‘tiladi. Universitetdagi ko‘p professorlar doktorlik dissertatsiyasini yoqlashgan. Ular turli tadqiqotlar o‘tkazishadi, katta darajadagi konferensiyalarda qatnashishadi va talabalarda ulardan sifatli bilim olish imkoni bo‘ladi.
Fransiyadagi Sorbonne universitetida ta’lim olayotgan yana bir vatandoshimiz Zilola Egamberdiyeva u yerda moliya, ta’lim va IT-sohasi yaxshi rivojlanganini aytib, bir semestr davomida 8 fanni o‘rganilishini aytgandi. Har bir dars ikki soat davom etib, o‘qish esa haftasiga 5 kun.
Grant dasturlari. Islom taraqqiyot banki hamda Fransiya elchixonasi qoshidagi “Campus France” tashkiloti Fransiyada ta’lim olishga qiziquvchi yoshlar uchun 100%lik grantini taqdim etdi. Hujjatlarni “Campus France” tashkilotiga shaxsan olib borib topshirish kerak, ya’ni onlayn topshirish imkoniyati yo‘q.
Grant deyarli barcha xarajatlarni qoplaydi. Xususan, o‘qish va viza xarajatlari qoplab beriladi va oylik €700 stipendiya ajratiladi.
Har bir universitet o‘z talablaridan kelib chiqib, fransuz tilidagi dasturlar uchun TCF, DELF/DALF, ingliz tilidagi dasturlar uchun esa IELTS yoki TOEFL sertifikatlarini so‘rashi mumkin.
Bundan tashqari Fransiyaning “Eyfel” granti mavjud. Unda magistratura uchun 25 yosh, PhD uchun 30 yoshdan oshmagan xohlovchilar ishtirok etishlari mumkin. Arizalar yanvar oyigacha qabul qilinadi.
Irlandiyada ta’lim
Oliygoh. Irlandiyadaning University College Cork universitetida ta’lim olayotgan yana bir vatandoshimiz Qudratxo‘ja Musayev ta’lim dargohi haqida ma’lumotlarni bergandi. Irlandiya — bu O‘zbekiston uchun hali unchalik “kashf” qilinmagan mamlakat. Bu yerga o‘qish, ishlash va yashash uchun o‘zbekistonliklar juda kam kelishadi. Irlandiya neytral va Yevropa ittifoqidagi ingliz tilida “native” gaplashadigan Brexitdan keyingi yagona davlat hisoblanadi. Ular boshqa Yevropa xalqlariga nisbatan xalqaro talabalarga ancha ochiq. Demokratik jihatdan ham Amerikadan yuqori darajada turadi.
Grant dasturlari. GOI-IES Irlandiya hukumati tomonidan taqdim qilinadigan grant. Dastur o‘z ichiga bir yillik o‘qish to‘lovi va bir yil uchun €10 ming stipendiyani oladi. Magistratura bir yil davomida aynan Irlandiyaning o‘zida bo‘lgani uchun deyarli to‘liq qoplanuvchi grant.
Stipendiyani bizdagi kabi har oy emas, aksincha hammasini ikki bo‘lib to‘lab berishadi. Xususan, hisobimga oktabr va fevral oylarida tashlab berishgan. Grant turar joy, ovqatlanish hamda sug‘urta xarajatlari uchun alohida pul ajratmaydi. Ajratilgan stipendiyani qayerga va qanday sarflashni esa o‘zingiz hal qilasiz, deydi Musayev.
Grant mezonlari 3 qismdan iborat va 100 ballik tizimda baholanadi. Shundan 40 balli akademik ko‘rsatkichlar — baholar, olimpiada va tanlovlardagi g‘oliblik va ilmiy maqola kabilar uchun beriladi. Shuningdek, 2ta tavsiyanoma ham talab qilinadi va ular ham maksimal 15 balldan baholanadi.
AQShda ta’lim
Oliygoh. AQShning Binghamton universitetida ta’lim olayotgan yana bir vatandoshimiz Ulug‘bek Ergashev oliygohi, undagi ta’lim jarayoni haqida ma’lumot bergandi.
Amerikada ta’lim olish, keyinchalik nufuzli kompaniyalarda ishlash imkoniyatini beradi. Universitetlar mamlakatdagi ilmiy tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, talabalarni tadqiqot faoliyatiga jalb qiladi. Bugungi kunda AQShda 4500dan ortiq universitetlar mavjud bo‘lib, bunda abituriyent mutaxassislik, universitetning joylashuvi, mintaqadagi iqlim va sport klublarining mavjudligiga qarab tanlay oladi.
Grant dasturlari. Binghamton universitetiga kirgan talaba akademik yutuqlariga asosan oliygoh tarafidan assistentlik scholarshipi bilan taqdirlanadi. Stipendiya bir akademik yil uchun berilib, $2300 maosh hamda o‘qish uchun bo‘lgan 100%lik universitet to‘lovlarini qoplaydi.
Bundan tashqari, “Teaching Assistantship” stipendiyasi ham mavjud bo‘lib, har yili oliygoh $40 ming atrofidagi o‘qish, yashash xarajatlarini qoplaydi.
“Spot” yil davomida AQShda ta’lim uchun ajratilgan “FLEX” granti, Simmons universiteti tomonidan taqdim etilgan grant dasturlari haqida ma’lumot taqdim etgandi.
Koreyada ta’lim
Oliygoh. Koreyadagi AJOU universitetida ta’lim olayotgan Sitora Maxsudinova oliygohi, undagi ta’lim jarayoni haqida ma’lumot bergandi.
AJOU universiteti o‘zining ta’lim sifati bilan boshqa oliy o‘quv yurtlaridan ajralib turadi. Darslar amaliyot bilan uyg‘unlashtirib olib borilib, xorijlik talablar uchun grantlar ham ajratdi.
Grant dasturlari. “GKS” (Global Korea Scholarship)granti — Koreya davlati tomonidan har yili xorijlik talabalarga taqdim etiladigan stipendiya dasturi. Ushbu grant Koreyada bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim olishni istagan talabalar uchun ajratiladi.
Bu yerda eng muhimi GPA 80dan kam bo‘lmasligi va talabgorda TOPIK (3dan yuqori) yoki IELTS (% til darajasiga bog‘liq bo‘ladi) sertifikati bo‘lishi kerak. Grantga hujjatlarni ikki xil yo‘l bilan topshirish mumkin. Birinchi yo‘l Koreyaning o‘z mamlakatingizdagi elchixonasiga borib, ikkinchisi esa tanlagan universitetingiz orqali.
Agar grantni qo‘lga kiritsangiz avia, turar-joy va o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.
O‘zbekistonda “El-yurt umidi” jamg‘armasi mavjud. Bu grant dasturi ham dunyoning top universitetlariga kirgan talabalarning universitet xarajatlari, yotoqxona borish-kelish chiptalarini qoplab beradi. Grant dasturiga topshirish uchun kerak bo‘ladiagan foydali havolalar:
- hujjatlar ro‘yxati;
- tanlov nizomi;
- hujjat topshirish bo‘yicha qo‘llanma;
- ariza namunasi;
- esse yozish bo‘yicha tavsiya.
Turkiyada ta’lim
Oliygoh. Turkiyaning Anqara universitetida ta’lim olayotgan Kamola Nosirova oliygohi, grant dasturi haqida ma’lumot bergandi. Darslar haftasiga uch kun, 2 soatdan, asosan mutaxassislik bo‘yicha o‘tiladi. 3ta tanlov va 1ta majburiy dars qo‘yiladi. Bir semestrda 4ta fan o‘tilib, 1 yilda jami 8ta fan o‘qitiladi.
Grant dasturlari. “Turkiya burslari” granti dunyoning TOP-20 ta granti qatoriga kiradi. Dastur ko‘p davlatlarga grant ajratadi, asosan, Eron, Suriya va O‘rta Osiyo mamlakatlariga yordam beradi.
“Turkiya burslari“ga hujjat topshirish jarayoni ikki bosqichdan iborat. Birinchisi onlayn hujjat topshirish — bu qiyinroq bosqich hisoblanadi. Chunki unda har qanday hujjat talab qilinadi. Masalan, nomzodning oilaviy holati, turli yutuqlari, maktab shahodatnomasi, kollej yoki litsey diplomi, magistrlar uchun bakalavr diplomi va ilovalarini maxsus platformaga joylashtirish kerak. Grantga qabul har yili yanvar-fevral (10-yanvardan 24-fevralgacha) oralig‘ida bo‘ladi.
Bakalavr darajasi uchun 1700 lira ($90 atrofida), magistratura darajasi uchun esa 2400 lira ($125 atrofida) oylik stipendiya ajratadi.
Grant o‘z ichiga juda ko‘p xarajatlarni ham oladi. Masalan, viza, sug‘urta, borish va qaytish uchun bir martalik aviachipta xarajatlarini qoplab, o‘qish davomiyligiga qarab bepul yotoqxona bilan ta’minlaydi.