“UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” bosh direktori Bo Andersson o‘z faoliyatini yakunlamoqda. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati xabar berdi.
27-dekabr kuni top-menejer bilan xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning lavozimini tark etish sabablari keltirilmagan.
Andersson avtomobilsozlik kompaniyalarini uch yildan ortiq vaqt davomida boshqardi. U bu lavozimga 2021-yilning avgust oyida tayinlangan.
Bunga qadar esa Andersson 2009−2013 yillarda “Gruppa GAZ”, 2014−2016 yillarda esa “AvtoVaz” prezidenti lavozimida ishlagan. “AvtoVaz"ni tark etgach esa, u “Yazaki Europe, Africa, North & South America” korporatsiyasiga 4 yil rahbarlik qilgan.
Tadbirda uning rahbarligida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Xususan, 2023-yil korxona konveyeridan 395,4 ming dona yoki o‘tgan yilga nisbatan 20%ga ko‘p avtomobil ishlab chiqarildi.
O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikka erishib, “Chevrolet” brendi bozor hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Mahalliylashtirilganlik darajasi 50%dan oshadi.
Shuningdek, kompaniyaning o‘rtacha sof daromadi 6%dan oshdi. Bundan tashqari, 2022-yil oxiri — 2023-yil boshida “UzAuto Motors” kompaniyasining qariyb 57 mlrd so‘mlik aksiyalarining birlamchi taklifi (IPO) bo‘lib o‘tdi.
Bo Andersson “Renessans TV” telekanalidagi Sherzodxon Qudratxo‘jaga bergan intervyusida mamlakat bozorida “UzAuto Motors” ulushi kamayayotganini qayd etgandi.