2024-yilda milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan devalvatsiyasi sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi. Bu haqda “Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilgan.
Respublika valyuta birjasida so‘nggi savdo kunida — 27-dekabrda dollar kursi 12 920,48 so‘mni tashkil etdi, bir necha kunlik rekord yangilanishlardan so‘ng bir kunda 7 so‘m 79 tiyinga pasaydi. Bir yil avval AQSh valyutasi 12 338,7 so‘mdan sotilgan. Milliy valyutaning qadrsizlanishi mutlaq hisobda 581,78 so‘mni tashkil etdi.
Yil davomida so‘m dollarga nisbatan 4,71% ga qadrsizlandi. Taqqoslash uchun: 2021-yilda kurs atigi 3,4%ga, 2022-yilda 3,7%ga, 2023 yilda esa 9,83%ga arzonlashgan.
Joriy yilning birinchi yarmida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan bor-yo‘g‘i 1,63%ga zaiflashdi. Iyun-iyul oylarida milliy valyuta dollarga nisbatan biroz mustahkamlanib, ikki oy ichida qariyb 60 so‘mga qimmatlashdi.
“Spot” suhbatlashgan mutaxassislarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik hisoblanadi.
Milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar orasida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor edi.
Kelgusi olti oy ichida tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.
Keyingi oylarda so‘m mo‘tadil sur’atlarda qadrsizlandi: avgust-dekabr oralig‘ida milliy valyuta taxminan 360 so‘mga arzonlashdi. O‘zbek so‘mining eng yuqori pasayish sur’ati noyabr oyida kuzatildi — qariyb 90 so‘mni tashkil etdi.
Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining pasayishi tufayli o‘zbek so‘mining zaiflashishi tezlashishini kutgan edi. Sentabr-oktabr oylarida fuqarolarning devalvatsion kutilmalari ham oshdi, ammo noyabr oyida ular deyarli o‘zgarmadi.