Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi. Prezident mamlakat kuzatuvchi sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

2024-yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11%ga oshdi. Oktabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

Davlat rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi. O‘zaro savdodagi savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirildi. O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo‘llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi.

Amaliy harakatlar rejasini qabul qilgan holda, yaqin kelajakda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda mamlakatning ishtirok etishi, bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvini tez fursatda joriy etish tarafdori ekani ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qo‘shilishdan manfaatdorlik bildirildi.

prezident, shavkat mirziyoyev, sun'iy intellekt, texnologiyalar, tovar aylanmasi, turizm, yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, yoii

“Qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi prezident.

Biznesni yanada faol jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida YOII Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. Mamlakatni YOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va “Raqamli ittifoq” loyihasiga ulash tashabbusi ilgari surildi.

Sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida davlat rahbari YOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, agrar sohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan kooperatsiya dasturini tayyorlash taklif etildi.

Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi birinchi marta $10 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.