Hafta boshidan buyon “O‘zenergoinspeksiya” turli hududlardagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sotishda aniqlangan 17ta qoidabuzarlik haqida xabar berdi. Tekshiruvlar prokuratura va Raqobat qo‘mitasi ishtirokida o‘tkazildi.
Xususan, Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “O.S.” xususiy korxonasiga qarashli AYQSh standartlarga javob bermaydigan AI-92 benzinini sotgan. Idora buni nazorat xaridi davomida sotib olingan namunani laboratoriya sinovidan o‘tkazishda aniqladi.
Keyinchalik inspeksiya viloyatning yana uchta — Baliqchi tumanidagi “O.K.”, Oltinko‘l tumanidagi “T.X.” va “Z.Sh.P.” yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sifatsiz benzin savdosini to‘xtatdi.
Shuningdek, Namanganda sifatsiz yoqilg‘i savdosi bilan bog‘liq yana 5ta holat aniqlandi. Ularga To‘raqo‘rg‘on tumanidan “O.Y.S.”, Mingbuloq tumanidan “G.B.O.S.”, Yangi Namangan tumanidan “B.Y.M.” va “I.R.G.” hamda viloyat markazidan “K.N.” MCHJlarga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchalari yo‘l qo‘ygan.
Qarshi tumanidagi “X-S.G.”, “N.P.” va “M.S.G.” hamda Nishon tumanidagi “G.T.G.S.” yoqilg‘i quyish shoxobchalari sifatsiz AI-80 benzinini sotgan— ularning ba’zilari ilgari yoqilg‘i sotishdagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, tekshiruvchilar Toshkent viloyatidagi uchta — D.K.L., B.O. N. va G.O. kompaniyalariga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchasida sifatsiz benzin aniqlangan.
Qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalari yonilg‘i birja savdolarida ishtirok etishdan vaqtincha chetlashtirildi. “O‘zenergoinspeksiya” nazorat tadbirlarini o‘tkazishda davom etmoqda.
Yil boshidan buyon inspeksiya neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida AYQSh va korxonalardan olingan tahlil naʼmunalaridan 189ta holatda 5 mln 348 ming litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olindi.
Avvalroq o‘tgan davrda 1,4 trln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.
Xususan, 730,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va 679,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.