Xodimlarga bo‘lgan talabning barqaror o‘sishi va ish haqining oshishi O‘zbekistonda mehnat bozorining ijobiy dinamikasidan dalolat beradi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yanvar-sentabr oylarida o‘rtacha nominal ish haqi 5,15 mln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,4%ga ko‘p.

Eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida — 8,7 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan (3,6 mln so‘m). Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik maoshlar moliya va sug‘urta (14,48 mln so‘m), axborot texnologiyalari va aloqa (12,8 mln so‘m), hamda tashish va saqlash (8,07 mln so‘m) sohalarida qayd etilgan.

“HeadHunter” ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi chorakda platformada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13%ga ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari joylashtirilgan. Bo‘sh ish o‘rinlarining 90%dan ortig‘i Toshkentga to‘g‘ri kelsa-da, qolgan hududlardagi faollik ham ortib borgani ko‘zga tashlangan. Namanganda bo‘sh ish o‘rinlari soni 1,5 barobarga, Andijonda 44%ga, Chirchiq, Navoiy va Farg‘onada 36−37%ga oshgan.

“TalentLab” asoschisi Alyona Vladimirskaya va “DaVinci Management Consulting” asoschi-hamkori Hilola Sulaymonova “Spot” bilan mehnat bozoridagi tendensiyalar, chaqiriqlar va istiqbollar haqida suhbatlashdi.


ish o'rinlari, kadrlar, mehnat bozori

Alyona Vladimirskaya,

xedxanter va karyerani rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis, O‘zbekistondagi “TalentLab” rekruting agentligi asoschisi.

Ba’zi manbalarning iqtisodiy o‘sish tugashi haqidagi bayonotlariga qaramay, asosiy sohalarda ishga qabul qilish faolligi pasayishi kuzatilmadi. Biroq, ayrim o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

2023-yilni banklar yuqori boshqaruv xodimlaridan tortib, call-markazlari mutaxassislarigacha bo‘lgan xodimlarni faol ishga yollagan yili deb atash mumkin bo‘lsa, hozirda ularning faolligi susaygan. Sababi, banklar zarur xodimlarni ishga jalb qilib, jarayonlarini yo‘lga qo‘yishdi va ayni paytda mavjud kadrlar bilan faoliyat yuritishmoqda.

Bu yilni chakana savdo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi yili, deb atash mumkin. Ushbu uchta tarmoqda xodimlarga boshlang‘ich darajadan rahbar lavozimlarigacha raqobatbardosh ish haqi bilan barqaror talab mavjud bo‘ldi.

Yana bir trend — bu ekspatlarga bo‘lgan qiziqishning pasayishi. Bu tendensiya 2023-yildayoq ko‘zga tashlangan, ammo endi u yanada oydinlashdi: xorijiy mutaxassislarga talab minimal, ular bilan shartnomalar ko‘pincha bekor qilinmoqda. Kompaniyalar tobora ko‘proq mahalliy kadrlarga e’tibor qaratishmoqda. Faqat to‘qimachilik sanoatida turk uskunalaridan foydalanilgani sababli, turkiyalik mutaxassislarga bo‘lgan talab bundan mustasno.

Shuningdek, mamlakatimizda yirik mahalliy kompaniyalarning “oq” ish haqi tizimiga o‘tib, ijtimoiy paketlar taqdim etishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Avvallari bu faqat xalqaro kompaniyalarga xos bo‘lgan bo‘lsa, endi mahalliy yetakchi korxonalar ham bu amaliyotni joriy etishni boshladilar. To‘g‘ri, jarayon oson kechmayapti, biroq kompaniyalar urinishdan to‘xtamayapti. O‘rta va kichik biznes bu masalada hali ortda qolayotgan bo‘lsa-da, to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilmoqda. Bu xodimlar huquqlarini himoya qilish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ijobiy signal hisoblanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda elektron tijorat, xususan, fintexning o‘sishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, bu borada “Uzum,” “Yandex” va “Wolt” ancha faol. Bu o‘qish va ishlashni birga olib bora oladigan talabalar va yoshlar uchun mehnat bozorini yaratadi. Bu muhim ijtimoiy tendensiya bo‘lib, jarayon nafaqat yoshlarni mehnatga o‘rgatadi, balki oila moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lmasa ham, ko‘plab odamlarga o‘zini o‘zi ta’minlash imkonini beradi.

Yana bir muhim trend — xodimlarni o‘qitishga kiritilgan investitsiyalarning o‘sishi. Uch yil oldin bu bilan asosan davlatning normativ-huquqiy hujjatlari va ishning o‘ziga xos xususiyatlari darajasida o‘qishni talab qiladigan xalqaro kompaniyalar yoki tashkilotlar shug‘ullangan bo‘lsa, endi bu mahalliy biznes uchun ham me’yorga aylanmoqda. Kompaniyalar, ayniqsa, savdo va moliya sektori mijozlar bilan ishlashda xodimlarning samaradorligini faol ravishda o‘lchashni boshladilar. Masalan, joriy yilda “Kapitalbank” xodimlarni o‘qitish bilan shug‘ullanadigan korporativ murabbiylar dasturini ishga tushirgan.

O‘zbekistonda masofaviy ish hali ham ommalashmagan. Aksariyat kompaniyalar xodimlarni ofisda ishlashini afzal ko‘rishadi. Bu samarasiz jarayonlar, odamlarning ofislarga qaytishining xalqaro tendensiyasi bilan bog‘liq. Ofisdagi xodim ancha samarali ishlaydi va uning holati, natijalari va shu kabilarni kuzatib borish osonroq hisoblanadi.

4 kunlik ish haftasiga tajriba tariqasida o‘tish masalasiga kelsak, menimcha, bu O‘zbekiston uchun to‘g‘ri kelmaydi. Boshqa mamlakatlarda ham bunday amaliyot, katta ehtimol bilan, xuddi masofaviy ish kabi qabul qilinmasa kerak.

Ish haqi va talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar

2024-yilning birinchi yarmida bir nechta sohalarda ish haqining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Xususan, qurilish, to‘qimachilik sanoati, chakana savdo, shuningdek, kundalik iste’mol tovarlari (FMCG) ishlab chiqarish va sotishda daromadlarning sezilarli o‘sishi qayd etildi. Farmatsevtika sanoatida ham biroz o‘sish kuzatilgan. Biroq, 2024-yilning ikkinchi yarmida, elektron tijorat tarmog‘idan tashqari, o‘sish to‘xtadi. Ammo ish haqining pasayishi kuzatilmadi. Yilning birinchi yarmida o‘rtacha ish haqi 10−15%ga oshgan, keyin o‘sishdan to‘xtagan.

Logistlar, muhandislar va texnologlarga, ayniqsa, to‘qimachilik sohasida mutaxassislarga talab katta. Irrigatsiya sohasidagi mutaxassislar, elektron tijorat sohasidagi ekspertlar va savdo bo‘yicha menejerlarga ham talab yuqori.

Umuman olganda, xodimlarga bo‘lgan barqaror talab kuzatilmoqda. Top-menejerlar o‘rtasida o‘zbek tilini bilishga qo‘yiladigan talablar ortib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ilgari bu majburiy bo‘lmagan, ammo endi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi maoshlarda hali ham sezilarli farq saqlanib qolmoqda. Afsuski, hozircha vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmayapti. Bu yerda ikki tomonlama harakat qilish zarur: bunga yo‘l qo‘ygan kompaniyalarni jarimaga tortish va ayollarni bunday kamsitishga rozi bo‘lmaslikka o‘rgatish kerak.

Chaqiriqlar va istiqbollar

O‘zbekiston mehnat bozori uchun asosiy tahdidlarga: rivojlanish sur’atlarining sekinlashishi, Rossiyaning migratsiya siyosati o‘zgarishi hamda Toshkent, Samarqand va Namangandan tashqaridagi kichik shaharlarda ishsizlik darajasining yuqoriligi kiradi. Mamlakat uchun buni yengib o‘tish qiyinligi aniq, ammo ushbu muammolarni hal qilishda ijobiy dinamika kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, yuqori malakali mutaxassislarning yetishmasligi hamon jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab o‘zbekistonliklar bolalarini Yevropa, AQSh va Rossiyaga o‘qishga yuborishadi, ammo ularning aksariyati vataniga qaytib kelmaydi. Bu muammoning yechimi hozircha ekspatlarni yollashda, ammo ularning xizmatlari qimmat va samaradorligi har doim ham o‘zini oqlamaydi. Hozir asosiy e’tibor vatanga qaytish sharti bilan mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga qaratilmoqda.

Yaqin yilda qurilish sohasida top-menejmentdan tortib, “ko‘k yoqalilar"gacha bo‘lgan faollikning sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Ilgari bu soha tez o‘sib borgan bo‘lsa, hozir sekinlashdi. Menimcha, elektron tijorat, chakana savdo, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik eng kuchli yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda.

2025-yilda savdo menejerlari, logistika mutaxassislari, kuryerlar va elektron tijorat bilan bog‘liq mutaxassislarga bo‘lgan talab davom etadi. Marketing eng talabgir sohalardan biriga aylanadi.

Turizm segmenti ham o‘sadi. Hozirda bu soha Buxoro, Samarqand va Xivada jadal rivojlanmoqda. Lekin hozircha sohada bir qator muammolar mavjud: xalqaro standartlar bo‘yicha o‘qitilgan malakali kadrlar hamda zamonaviy infratuzilma yetishmasligi singari. Shunga qaramasdan, oxirgi uch yilda taraqqiyot ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ko‘rinib turibdiki, professional kadrlar soni ortib, sohaning umumiy darajasi oshib boradi. Kelgusi yilda bu o‘sish yanada sezilarli bo‘lishi mumkin.

Sun’iy intellektning ko‘plab faoliyat turlariga integratsiyalashuvining faol o‘sishi kuzatilmoqda. Biroq, yaqin yillarda u insonlarning o‘rnini to‘liq egallashi dargumon. Aksincha, sun’iy intellekt yordamchi rolini o‘ynaydi. 5−7 yil ichida esa top-menejerlarning sun’iy intellekt vositalari bilan ishlash malakasini egallashi deyarli majburiy bo‘ladi.


ish o'rinlari, kadrlar, mehnat bozori

Hilola Sulaymonova,

“DaVinci Management Consulting” kompaniyasining asoschi-hamkori, “UZCARD” kompaniyasining baxt bo‘yicha direktori va “zarplata.uz” HR-tech startapi asoschisi.

O‘zbekistonda ish haqini indeksatsiya qilish kompaniya turiga qarab turlicha amalga oshiriladi. Barcha davlat muassasalarida ish haqi yiliga ikki marta oshiriladi, chunki bu prezident farmonida nazarda tutilgan.

“DaVinci Management Consulting” tomonidan 2024-yilgi mehnat bozorining yillik sharhi uchun yig‘ilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy kompaniyalar ish haqini 65% holatda yiliga bir marta, 20%i ikki-uch marta indeksatsiya qiladi, 15% xususiy kompaniyalar esa ish haqini umuman indeksatsiya qilmaydi.

Aksariyat hollarda kompaniyalar indeksatsiyani mehnat bozori tadqiqotlari natijalariga asoslaydilar. 2024-yilda so‘rovnomada qatnashgan kompaniyalarning 40%i maoshlarini 11−15% oshirgan va 2025-yilda ham xuddi shunday indeksatsiya qilishni rejalashtirmoqda.

Kelgusi yilda esa 88% kompaniya ish haqini 6%dan 20%gacha indeksatsiya qilishi kutmoqda.

2024-yildagi eng talabgir kasblar:

  • product-menejerlar;
  • loyiha menejerlari;
  • ma’lumotlar bazasi administratorlari;
  • tizimli biznes-tahlilchilar;
  • UX/UI dizaynerlari.

Mehnat bozorida uchta asosiy tendensiya kuzatilmoqda: samaradorlikka urg‘u berish, masofadan ishlashdan voz kechish va xodimlarning yuqori qo‘nimsizligi.

Samaradorlik. Kompaniyalar xodimlarining ishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga va ular uchun jozibali ish muhitini yaratishga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Bu maqsadda WellBeing dasturlari, KPI va OKR kabi yondashuvlar joriy etilmoqda. Ushbu choralar xodimlarning ish unumdorligini ko‘tarish va ularning kompaniyaga sodiqligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Masofadan ishlash. Bugungi kunda tobora ko‘proq kompaniyalar xodimlarning ofisda ishlashini afzal ko‘rmoqda, chunki masofaviy ish va gibrid formatlarning samaradorligiga shubha bor. Barcha xodimlar ham uyda ishlashda yuqori unumdorlikni saqlab qola olmaydi, bu esa qarorlar qabul qilishda katta omilga aylanadi.

Kadrlar oqimi. Ish izlovchining portreti va uning xulq-atvori sezilarli darajada o‘zgargan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida nomzodlarning atigi 29%i yangi takliflarni ko‘rib chiqmagan va suhbatlarda qatnashmagan. Bu mutaxassislarning yuqori darajadagi mobilligi va o‘zgarishlarga tayyorligidan dalolat beradi, natijada ish beruvchilar o‘zlarining asosiy xodimlarini saqlab qolishda qiyinchilikka duch keladilar.

Shuningdek, xorijdagi ayrim kompaniyalar tajriba tariqasida to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tayotganini ko‘rishimiz mumkin. Biroq, bunday jadvalni joriy etish faqat yuqori malakali va samarali xodimlar mavjud bo‘lgandagina amalga oshirilishi mumkin. Afsuski, mehnat bozoridagi hozirgi tayyorgarlik darajasi hali bunday o‘zgarishlarni amalga oshirish imkonini bermaydi.

Yana bir trend — sun’iy intellektdan foydalanish. Biroq, men sun’iy intellekt inson o‘rnini to‘liq bosa olmaydi, deb hisoblayman. Qo‘l mehnati asta-sekin avtomatlashtirilgan tizimlar bilan almashtiriladi, ammo bu jarayon tezda sodir bo‘lmaydi.

Bozordagi muammolar va istiqbollar

2024-yilda mehnat bozori uchun asosiy chaqiriq ish beruvchilar o‘rtasida samaradorligi yuqori bo‘lgan xodimlar uchun kuchli raqobat bo‘ldi. Mamlakatga shunchalik ko‘p miqdorda xorijiy investitsiyalar kirib kelayotgani va har kuni yangi kompaniyalar ochilayotgani sababli kerakli mutaxassislarni yetishtirish qiyin. Ta’lim bozori bu talabni qondirishga ulgurmayapti.

Bundan tashqari, relokantlar ham mehnat bozorini o‘zgartirdi. Mamlakatga ko‘plab yuqori malakali mutaxassislar kelishi kutilgan bo‘lsa-da, aslida ularning aksariyati BAA, AQSh va Yevropaga ketdi. O‘zbekistonda asosan o‘rta darajadagi mutaxassislar bo‘lib, ular malakasiga qaramay, ko‘pincha ish haqiga qo‘yiladigan talablarni oshirib yuboradilar. Biroq, ular orasida haqiqatan ham yuqori malakali mutaxassislar uchraydi, ammo ularning soni kam.

Mehnat bozorida ish beruvchilar tomonidan gender tengsizligining yaqqol namoyon bo‘lishi kuzatilmaydi. Albatta, odatda erkaklar shug‘ullanadigan jismoniy mehnat bilan bog‘liq kasblar ham mavjud. Shu bilan birga, amaliyotda shunga o‘xshash lavozimlarga da’vogar bo‘lgan ayollarning erkaklar bilan teng vakolatlarga ega bo‘lishiga qaramay, ish haqi bo‘yicha pastroq kutilmalarga ega bo‘lgan holatlar tez-tez uchraydi. Gender tafovuti taxminan 30−35%ni tashkil etib, uning kattaligi muayyan sohaga bog‘liq.

Fikrimcha, kelgusi yilda dasturchilar, mahsulot va loyiha menejerlari, buxgalterlar, marketologlar va dizaynerlarga talab ortadi. Umuman olganda, malakali kadrlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘ladi, bu mamlakat iqtisodiyoti uchun ijobiy belgi hisoblanadi.