“Open Data Challenge” xakatonining navbatdagi to‘lqiniga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda innovatsion yechimlar yaratishga qaratilgan loyihada jamoaviy yoki yakka tartibda ishtirok etish mumkin. Jamoa tarkibi kamida uch kishidan iborat bo‘lishi kerak.

Xakatonda quyidagi to‘rtta yo‘nalish mavjud:

  • davlat sektori;
  • biznes;
  • korrupsiyaga qarshi kurash;
  • ijtimoiy soha.

Ishtirokchilar xakaton doirasida o‘z ko‘nikmalarini oshirishi, loyihalar ustida jamoaviy ishlashlari mumkin. Eng yaxshi yechimlar mukofotlanadi.

Loyiha 2025-yilning 24−26 yanvar kunlari “New Uzbekistan University"da o‘tkaziladi. Bunda 24- va 26-dekabr kunlari davlat va biznes sektori uchun tayyorlov vebinari hamda mahorat darslari olib boriladi.

Qolgan ikkita yo‘nalish uchun tayyorlov 7- va 9-yanvar kunlariga belgilangan. Shuningdek, 17-yanvar kuni ochiq ma’lumotlar bilan ishlashish bo‘yicha oflayn mahorat darsi tashkil etiladi.

Nomzodlar kelasi yilning 20-yanvarigacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.