24-dekabr kuni prezident soliq va budjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini sotish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod etildi. Shaharlar va shaharchalarning ma’muriy chegaralarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravar miqdorida hisoblash tartibi bekor qilindi.
YTT xodimlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirildi, soliq to‘lovchilar bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi belgi qo‘yilgan tovarning kuzatuv hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish majburiyatidan ozod etildi.
Mobil aloqa xizmatlari 10% miqdoridagi aksiz solig‘idan ozod etildi. Nashriyotlar 2030-yilgacha foyda solig‘idan ozod qilinadi va “IT Park"ning eksportchi-rezidentlari uchun imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytiriladi.
Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini ishga joylashtirgan, avtomobil yo‘llarida ko‘chma savdo obyektlari orqali yoshlarni savdoga jalb qilgan hamda kam ta’minlangan oila a’zolarini ishga qabul qilganlarga vaqtinchalik soliq imtiyozlari beriladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga ham imtiyozlar qo‘llaniladi.
Tovarlar va xizmatlarni eksport qilishdan olingan daromadlar uchun foyda va aylanmadan olinadigan soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda. AOSning qat’iy belgilangan stavkalari, soliq stavkasi bo‘yicha soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi normalar bekor qilinadi.
Budjet kodeksiga budjet daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, soliq bo‘lmagan tushumlardan budjetga ajratmalarning kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari keyingi moliya yilining 1-yanvaridan kuchga kirishi to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda.
Avvalroq mahalliy farmatsevtika korxonalari uchun bojxona imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytirilishi haqida xabar berilgandi.