“TBC Bank” ikki yil muddatga $10 mlnga teng o‘zbek so‘midagi korporativ obligatsiyalarning ikkinchi seriyasini joylashtirdi. Bu haqda “Spot"ga bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qimmatli qog‘ozlar “Toshkent” Respublika fond birjasida savdoga chiqarildi. Obligatsiyalar hajmi 128 mlrd so‘mni, daromadliligi esa 24%ni tashkil qildi.
“TBC Capital” va “Avesta Investment Group” birgalikda ushbu bitim tashkilotchilari bo‘lishdi. Yig‘ilgan pullar kelgusida “TBC” biznesining O‘zbekistondagi daromadini yanada oshirishga sarflanadi.
“Ushbu muvaffaqiyatli chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar investorlarning “TBC Uzbekistan"ning yuqori natijalari, texnologik innovatsiyalari va kompaniyaning tez rivojlanayotgan O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanish qobiliyatiga ishonchini ko‘rsatadi. Bizning eng muhim vazifamiz — moliyaviy xizmatlarning qulayligi va ommabopligini oshiradigan innovatsion yechimlarni yaratish. Daromadli o‘sish strategiyasi doirasida biz moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishga va shu bilan birga mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shishga intilamiz”, — dedi “TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdiani.
Bitim “TBC Capital” va “Avesta Investment Group” tomonidan hamkorlikda tuzildi. Jarayonda yetakchi institutsional investorlar ham ishtirok etishdi: “Abu Dhabi Uzbek Investment” chiqarilgan obligatsiyalarning 70%ini, Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi esa qolgan 30%ini sotib oldi.
Avvalroq “TBC Bank Uzbekistan” Shveysariyaning “BlueOrchard” investitsiya fondidan $25 mln jalb qilgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, jalb qilingan sarmoyalar bank kredit portfelining o‘sishi va moliyalashtirish manbalari diversifikatsiyasiga yordam beradi.