Turkiya Markaziy banki boshqaruvi 24-dekabr kuni asosiy foiz stavkasini pasaytirishga qaror qildi. Bu haqda regulator saytida ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, bir haftalik repo-auksionda belgilangan foiz stavkasi 47,5%ni tashkil etadi. Bunga qadar, u mart oyidan beri 50% darajasida bo‘lib, 2023-yil yozidan boshlab pul-kredit siyosatini qattiqlashtirishning eng yuqori nuqtasiga yetgan edi.

“RBC” nashrining xabar berishicha, bu pasayish 2023-yil fevral oyidan beri kuzatilgan birinchi holat hisoblanadi.

Turkiya Markaziy banki ta’kidlashicha, ko‘rsatkichlar inflyatsiyaning asosiy yo‘nalishi pasayishini ko‘rsatmoqda.

Xizmatlar narxlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi, kuzgi keskin ko‘tarilishdan so‘ng oziq-ovqat inflyatsiyasi barqarorlashdi. Shunga qaramay, inflyatsiyani oshiruvchi xavf-xatarlar saqlanib qolmoqda.

“Qat'iy monetar siyosat yuzasidan qat’iyatlilik ichki talabni kamaytirish, Turkiya lirasini mustahkamlash va inflyatsiya kutilmalarini yaxshilash orqali asosiy inflyatsiyani pasaytiradi hamda dezinflyatsiya jarayonlarini kuchaytiradi,” deya ta’kidlandi Markaziy bank bayonotida.

Shu bilan birga, regulyator inflyatsiyaning “sezilarli va barqaror” pasayishiga erishilmaguncha yuqori stavkalarni saqlab turishga tayyorligini bildirdi. Boshqaruv o‘rta muddatli istiqbolda uni yiliga 5 foizgacha sekinlashtirishni maqsad qilgan.

Turkiya statistika institutining ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi oxiriga kelib yillik inflyatsiya darajasi 47,1%ni tashkil etdi — bu 2023-yil iyulidan buyon eng past ko‘rsatkichdir.

Narxlar o‘sishining oldingi yuqori nuqtasi may oyida kuzatilgan bo‘lib (75,45%), shundan so‘ng asta-sekin pasayish kuzatilgan. Noyabr oyidagi oylik inflyatsiya darajasi esa 2,24%ni tashkil etdi.

O‘tgan yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sishi ta’lim xizmatlari sohasida kuzatildi — 92,5%ga yetdi. Boshqa sohalar orasida transport xizmatlari narxlari eng kam darajada oshib, atigi 26,2%ni tashkil etdi.

Fevral oyida 2023-yilning yozidan buyon regulyatorni boshqargan Turkiya Markaziy banki rahbari Hofiz Gaye Erkan iste’foga chiqdi. Uning boshqaruvi davrida Turkiya Markaziy banki yuqori inflyatsiya fonida asosiy stavkani sakkiz marta — 8,5%dan 45%ga oshirdi, bu esa milliy valyuta devalvatsiyasi sur’atini sekinlashtirdi.


Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qolgani haqida xabar berilgandi.