2024-yilda O‘zbekistonda yetkazib berish sohasi barqaror va sezilarli o‘sishni namoyish etib, kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib bordi. Urbanizatsiya, hayot tarzidagi o‘zgarishlar va texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ayniqsa yirik shaharlarda yetkazib berish xizmatiga bo‘lgan talabning o‘sishiga turtki bo‘lmoqda.

Isteʼmolchilar oziq-ovqat, zaruriy tovarlar va xo‘jalik mahsulotlarini sotib olish uchun mobil ilovalar hamda raqamli platformalardan foydalanishni tobora ko‘proq afzal ko‘rmoqda, bu esa ularning xarid qilish madaniyatidagi sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rsatadi, deydi “Wolt” yetkazib berish xizmatining O‘zbekistondagi tijoriy aloqalar rahbari Stefanos Papaevangelou.

Sohada bir qator bahslar ham yuzaga keladi. “Uzum Tezkor” kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi 85% iste’molchi oziq-ovqat mahsulotlarini onlayn yetkazib berishga buyurtma bermasligi ma’lum bo‘lib, haftada bir necha marta buyurtma beruvchilarning ulushi umumiy miqdorning 2,5%idan ham oshmaydi.

Biroq bu xalqaro kompaniyalarning bozorga kirib kelishiga to‘siq bo‘lmadi. Misol uchun, “Yandex Uzbekistan” “Lavka” tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini qo‘shdi, elektron tijorat bozoriga “Wolt” yetkazib berish xizmati kirib keldi.

Bozorda yangi o‘yinchilarning paydo bo‘lishi bu sektorga bo‘lgan talab mavjudligidan dalolat beradi. Papaevangelou ham “Wolt"ni ishga tushirishni O‘zbekistonda raqamli yechimlarga bo‘lgan talabning oshishi bilan izohladi.

“Spot” yil yakunlarini davom etadi. “Yandex Go” yetkazish xizmatining MDHdagi rahbari Alisher Tungushboyev, “Wolt” yetkazib berish xizmatining O‘zbekistondagi tijoriy aloqalar rahbari Stefanos Papaevangelou va “Uzum Tezkor” bosh direktori Andrey Kovakin mamlakatda yetkazib berish xizmati qanday rivojlanayotgani, platformalar tomonidan qanday yangi texnologiyalar joriy etilayotgani va kelasi yilda nimalar yuz berishi haqida so‘zlab berishdi.


Yetkazib berish xizmatiga bo‘lgan talab

“Wolt"ning O‘zbekistondagi tijoriy aloqalar rahbari Stefanos Papaevangelou bozorga yetkazib berish xizmatini kirib kelishini muhim bosqich sifatida qayd etib, Markaziy Osiyodagi ikkinchi bozor sifatida belgiladi.

Kompaniya bu bozorga kirishdan oldin bir necha oy mobaynida uning o‘ziga xos xususiyatlari, infratuzilmasini o‘rgangan.

“Wolt” xizmati ishga tushirilishi uchun 500dan ortiq mahalliy hamkorlar: restoranlar va do‘konlar bilan hamkorlik qilingan.

Papaevangelou Toshkent yetkazib berish xizmatidan foydalanuvchilari soni bo‘yicha yetakchiga aylanganini qayd etdi. Buning sababini O‘zbekiston poytaxti va iqtisodiy markazi bo‘lgani, shaharda smartfonlardan foydalanishning keng tarqalganligi hamda rivojlangan raqamli infratuzilma bilan izohladi.

“Yandex Go” yetkazish xizmatining MDHdagi rahbari Alisher Tungushboyev esa yetkazish xizmatiga talab o‘sishni davom etayotgani, bu jarayon hududlarda tezroq kuzatilayotganini ta’kidladi.

elektron tijorat, yetkazib berish xizmati

“Uzum Tezkor” bosh direktori Andrey Kovakin raqobat tobora kuchayib, unda sifat asosiy omil bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Bugungi kunda “Uzum Tezkor” xizmati 2300dan ortiq — restoran, kafe va do‘konlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Yuzaga kelgan qiyinchiliklar

“Wolt"ning O‘zbekiston bozoriga kirishida bir qator qiyinchiliklar kuzatilib, Stefanosning so‘zlariga ko‘ra, ular quyidagilarda namoyon bo‘ldi:

  • mahalliy biznes sharoitlariga moslashish;
  • hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish;
  • ishonchli kuryerlar tarmog‘ini tashkil etish;
  • o‘z vaqtida yetkazib berishni taʼminlash uchun puxta yondashuv ishlab chiqish.

elektron tijorat, yetkazib berish xizmati

Shuningdek, Kovakinning ta’kidlashicha, iste’molchilar odatlarining asta-sekin o‘zgarishi ham, sohadagi boshqa to‘siqlarni yengib o‘tish bozorning yanada o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratadi.

2025-yil sohada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Bugungi kunda texnologiyalar nuqtai nazaridan logistika optimallashtirilishi asosiy trend hisoblanadi. Bu marshrutlarni yangicha algoritmlar asosida shakllantirish va talabni bashorat qilish mexanizmlarini rivojlantirishni kerakligiga ishora qiladi, deydi “Yandex Go” yetkazish xizmatining MDHdagi rahbari.

elektron tijorat, yetkazib berish xizmati

Shu bilan birga “Wolt” yetkazib berish xizmatining O‘zbekistondagi tijoriy aloqalar rahbari yosh va texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtirgan auditoriyaning ko‘payishi bilan raqamli adaptatsiya darajasi yana-da tezlashib, yetkazib berish xizmatlarini kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanishini ta’kidladi.

Papaevangelou Samarqand, Buxoro va Farg‘ona kabi yirik shaharlarni istiqbolli hududlar sirasiga kiritib, ulardagi urbanizatsiyaning o‘sishi va infratuzilmaning yaxshilanishini raqamli platformalar uchun yangi imkoniyat hisoblandi deyid, u.

Hozirda mamlakatning 17ta shahrida faoliyat yuritayotgan “Uzum Tezkor” esa 2025-yilda ham o‘zining geografik ishtirokini kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi va yaqin yillarda O‘zbekistondagi yetkazib berish bozoridagi tendensiyalar avtomatlashtirish, raqamlashtirish, ekotizimlarni rivojlantirish va ekologizatsiya ekanligini ta’kidladi.