2024-yilda bank sektori va moliyaviy texnologiyalar sohasida tartibga solishning qat’iylashtirilishi davom etdi.
1-iyuldan O‘zbekistonda barcha to‘lov tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi belgilangan. Joriy yilning iyul oyi oxiriga kelib Markaziy bank 7−8ta to‘lov tashkilotining litsenziyalarini chaqirib olinganini, yana 3−4ta to‘lov xizmatiga regulyator tomonidan kechiktirish berilganini ma’lum qildi. Noyabr oyi oxiriga kelib, to‘lov tashkilotlari reyestriga kiritilgan kompaniyalar soni 43tani tashkil etadi.
Bundan tashqari, to‘lov tizimi operatorlari uchun ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘mni, to‘lov tashkiloti uchun 10 mlrd so‘mni, 2025-yilning 1-iyulidan esa 20 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.
Banklar uchun ham ustav kapitalining eng kam miqdori oshirildi. 2024-yilning 1-aprelidan bu 350 mlrd so‘mni, 2025-yildandan esa 500 mlrd so‘mni tashkil etishi zarur. Noyabr oyida Markaziy bank kapitalga bo‘lgan talablarni bajarmagan 5ta bankning faol operatsiyalari cheklanganini xabar qildi.
Bundan tashqari, oktabr oyida regulyator “Humans” shuba korxonasi — “Maroqand” (“Humans Pay”) ning qimor o‘yinlari bilan bog‘liq tranzaksiyalarni qabul qilish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini 6 oyga chekladi. “Humans” Markaziy bank qaroridan norozi ekanligini va regulyator xatti-harakatlari qonunni buzishini ta’kidladi. Regulyatorning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov mazkur holatga izoh berib, xizmat “aholi mablag‘larini bukmekerlik kompaniyalariga o‘tkazish” bilan shug‘ullanganini qayd etdi.
Mamlakatning ikkita to‘lov tizimidan biri — “Humo” xususiylashtirilishi rejalashtirilgan. Sakkiz nafar da’vogar aktivga qiziqish bildirdi. Bular qatorida Qozog‘istonning “Kaspi” fintex guruhi ham bor edi. Biroq keyinchalik kompaniya xususiylashtirishda ishtirok etmaslikka qaror qildi va “O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasida rol o‘ynash imkoniyatlarini izlashda davom etishini” bildirdi. Mutaxassislar “Humo” to‘lov tizimining minimal qiymatini $60−80 mlnga baholagan.
Joriy yilning aprel oyida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, hukumatda ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Hujjatda fuqarolar o‘rtasidagi shubhali pul o‘tkazmalarini nazorat qilish taklif etilgandi. Biroq, mazkur hujjat hali qabul qilinmagan.
Markaziy bank onlayn kreditlash sohasidagi firibgarliklardan xavotir bildirdi. Regulyator test rejimida shubhali frod operatsiyalarning oldini olish maqsadida onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartibni joriy qildi. U joriy yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreligacha amal qiladi. Fuqarolar qarz olish uchun ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari kerak.
Regulyator banklarga “shubhali” operatsiyalarni mustaqil ravishda to‘xtatishga ruxsat berish niyatida, bu nafaqat onlayn kreditlash, balki fishing qurboniga aylanishi mumkin bo‘lgan fuqarolar o‘rtasidagi o‘tkazmalarga ham ta’sir qiladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank banklarga murojaatlarga onlayn ishlov berish tizimini joriy etishni topshirdi: Call-markazlar kartalar yo‘qolgani va ular bilan sodir etilgan firibgarliklar haqida kecha-yu kunduz shikoyatlarni qabul qilishi kerak.
Banklarni xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda. Joriy yilda “Poytaxt bank” BAAning “Bond Investments Limited” kompaniyasiga sotildi. “Asakabank” va “O‘zsanoatqurilishbank” ham xususiylashtirilishi kutilmoqda. “S&P” agentligining ta’kidlashicha, “bu murakkab vazifa bo‘lib, u vaqt talab etadi”.
Mazkur ikkita bank Markaziy bankning tizimli ahamiyatga ega banklar ro‘yxatiga kiritildi. 2025-yilga mo‘ljallangan mazkur ro‘yxatda, shuningdek, “Agrobank,” “Ipoteka bank,” “Kapitalbank”, “Xalq banki”, “O‘zmilliybank” hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ham bor. Joriy yilning oktabr oyi holatiga ko‘ra, ular mamlakat bank tizimidagi barcha aktivlarning 67%iga egalik qiladi.
“Spot” “Humans Group” asoschisi Vladimir Dobrinin, Markaziy Osiyo fintex assotsiatsiyasi ekspertlar kengashi a’zosi Ulug‘bek Tavakkalov hamda “TBC Bank” bosh direktori Spartak Tetrashvili bilan sohani tartibga solish, o‘tayotgan yilning asosiy voqealari va kelgusi yil uchun prognozlar haqida suhbatlashdi.
Ulug‘bek Tavakkalov,
Markaziy Osiyo fintex assotsiatsiyasi ekspertlar kengashi a’zosi
2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,6%ga o‘sdi, YIM hajmi $105 mlrdga yetdi, aholining tabiiy o‘sishi yiliga 755,6 kishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, aholining real umumiy daromadlari o‘sishi 5,5% bo‘ldi. Bank sektori aktivlari $57,7 mlrdga, banklar kapitali $8,5 mlrdga, kredit portfeli esa $40,2 mlrdga yetdi.
Bu yil banklar nafaqat kichik va o‘rta biznesni kreditlashda, balki ularning mijozlari yo‘lini raqamlashtirishda ham faollashdi. Ayrim banklarda hisob raqamini masofadan turib ochish orqali biznesni masofaviy identifikatsiyalash imkoni yaratildi, biznes uchun onlayn kreditlar paydo bo‘ldi.
Savdo tarmog‘i riteyllari tobora shaffof va ommaviy bo‘lib bormoqda, ular o‘z tovarlari va xizmatlarini sotishda e-commerce'dan faol foydalanishyapti. Shu bilan birga, 2024-yilda joriy etilgan yangilik faktoring riteyl uchun o‘z aylanma mablag‘larini oshirish imkonini berdi.
Qattiq raqobatga qaramay, banklar innovatsiyalarni davom ettirib, iqtisodiyotdagi rolini mustahkamlab, asosiy mahsulot va xizmatlarning o‘sishini ko‘rsatdi.
Ortda qolayotgan yil qanday yil bo‘ldi?
2024-yilda O‘zbekiston moliya bozori sezilarli darajada o‘zgardi. Banklar mikroqarzlar va mikromoliya tashkilotlari (MMT) muddatli to‘lovlari bilan raqobatlashadigan kredit kartalarini faol ravishda targ‘ib qildilar, fintex kompaniyalari bilan integratsiya esa bank mahsulotlarini sotishning ishonchli qo‘shimcha kanalini (kartalar, biznes uchun kichik kreditlar, avtokreditlar) yaratishga imkon berdi.
Mikromoliya tashkilotlari soni jami aktivlari $514 mln bo‘lgan 96 birlikka yetdi. Ular yangi mahsulotlar orqali banklar bilan raqobatlashishda davom etmoqda. O‘z navbatida, banklar qoniqish o‘lchovlarini joriy etish va qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilayapti.
Chakana bozorda to‘lovlarni soddalashtirgan va naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tishni kuchaytirgan universal “5tasi 1tada” terminallari paydo bo‘ldi. Iste’molchilar naqd pulsiz to‘lovlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda: 2021-yildan beri kartalarga pul o‘tkazish 263%ga, naqd pul yechib olish esa atigi 198%ga o‘sdi. Naqd operatsiyalar ulushi 23%gacha kamaydi. Bunga banklarning mobil ilovalari, kontaktsiz to‘lovlar va foydali onlayn-mahsulotlarning rivoji tufayli erishildi.
O‘zbekistonda islomiy bankingni joriy etish, jumladan, Malayziya Eksimbankining qiziqishi, bunday mahsulotlarga qiziqqan aholining 38%i talablariga javob beradi. 2024-yilning yozida tasdiqlangan MMT uchun Islom moliyasi to‘g‘risidagi nizom tartibga solishni sinovdan o‘tkazishda muhim qadam bo‘ldi. Hozirning o‘zidayoq “UzAuto” tomonidan “Onix” avtomobillariga muddatli to‘lov kabi mahsulotlar aslida islomiy avtokreditdir.
Mikromoliya tashkilotlari o‘zlarining moslashuvchanligi va biznesga yo‘naltirilganligi tufayli banklar bilan raqobatlashib, islomiy moliyalashtirishni faol rivojlantirishi mumkin. 2025-yilda ularning o‘sishi, ayniqsa, mikrokredit banklariga aylanish imkoniyati bilan davom etishi mumkin, bu esa yangi istiqbollarni ochadi.
2023−2024-yillarda onlayn kreditlarni berishda firibgarlik holatlari ko‘paygan bir sharoitda mijozlarning ma’lumotlarini himoya qilish va firibgarlikning oldini olish bo‘yicha sezilarli choralar ko‘rilgan. Endilikda banklarning mobil platformalari ishga tushirilishidan oldin albatta Kiberxavfsizlik markazida tekshiruvdan o‘tadi. Qo‘shimcha cheklovlar kiritildi: mijoz o‘z kredit tarixiga kirishni cheklashi yoki uning roziligisiz kredit berishni taqiqlashi mumkin, identifikatsiyalanmagan foydalanuvchilar uchun esa p2p to‘lovlari deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi.
Shaxsiy ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratiladi: kelajakda mijozlar ularni bank tizimlaridan olib tashlashni talab qilishlari mumkin. Banklar ma’lumotlar tahlili, raqamli xatarlarni boshqarish bilan ishlashni kuchaytirmoqda va endi mijozning to‘lovlari va xarajatlari, shu jumladan yuridik shaxslardan tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobga oladigan skoring modellarini rivojlantirmoqda. Ushbu chora-tadbirlar risklarni minimallashtirishga yordam beradi va mijozlarning ishonchini mustahkamlaydi.
2025-yilda nimalar kutilmoqda?
2025-yilda O‘zbekiston bank sektori banklar kapitaliga bo‘lgan talabning ortib borishi bilan bog‘liq sezilarli rivojlanishni kutmoqda. Bu bozorda o‘yinchilarning birlashishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes uchun raqamli mahsulotlarni, shu jumladan BNPL-yechimlarini va savdo markazlarida inkassatsiya qilish qurilmalarini faol rivojlantirish davom ettiriladi.
Fintex nafaqat mahsulotlarni sotish kanali, balki skoring uchun ma’lumotlar manbai sifatida ham banklarning yanada muhim hamkoriga aylanadi. Yuridik shaxslar uchun skoring modellari an’anaviy moliyaviy hisobotlar o‘rniga savdogarlar tovar aylanmasi va terminallardan foydalanish kabi muqobil ma’lumotlarga asoslanadi.
Bozorda raqobat kuchayadi va kuchli raqamli ekotizimga hamda mijozlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishga ega banklar yetakchi bo‘ladi.
“Kaspi” kabi xalqaro o‘yinchilar bizning bozorga kirsa, innovatsiya va texnologiyalarni olib kelib, ijobiy hissa qo‘shadi. Yuqori raqobat tufayli ular bozorning sezilarli ulushini egallashlari dargumon bo‘lsa-da, ularning g‘oyalari va yondashuvlari mahalliy to‘lov tizimlari va texnologiyalarining rivojlanishini rag‘batlantirishi mumkin.
Vladimir Dobrinin,
“Humans Group” bosh direktori va asoschisi
2024-yilda raqamli iqtisodiyotning o‘sishi davom etdi: moliyaviy texnologiya xizmatlaridan foydalanuvchilar soni, onlayn to‘lovlar va o‘tkazmalar hajmi sezilarli darajada oshdi, yetakchi kompaniyalar esa o‘z pozitsiyalarini mustahkamladilar.
Bu shuni anglatadiki, bozor to‘yinishdan uzoq va O‘zbekiston fintexida “product market fit” mavjud: bu xizmatlar mamlakatda mashhur, xaridorlar ularda qiymat ko‘rishadi. Sanoat rivojlanmoqda — bu eng muhim xulosa.
Shu bilan birga, segmentda yangi o‘yinchilar va xizmatlar paydo bo‘lmadi. Yorqin voqealardan “Alif"ning yorib o‘tishini ajratib ko‘rsatish mumkin. Bir yildan kamroq vaqt ichida kompaniya jamoasi bozor ulushini 3,7%dan 7,8%ga oshirdi. Shuni ta’kidlash lozimki, “Uzum” xorijiy kompaniyalardan 100 million dollar miqdorida sarmoya jalb qildi. Ularning fikricha, bu “Uzum"ni mamlakatimizdagi birinchi “yakkashox” kompaniyaga aylantirdi.
Lekin hammasi ham ijobiy emasdi. O‘tgan yili Markaziy bank xalqaro o‘tkazmalarni taqiqladi, men buni katta xato va O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirishga katta kuch, pul va vaqt sarflayotgan o‘yinchilarning kamsitilishi, deb hisoblayman. Kompaniyalar sun’iy yaratilgan chegaralar sharoitida ishlashga majbur bo‘lib, ulardan tashqarida ularga sanksiyalar qo‘llaniladi.
Sir emaski, O‘zbekiston tobora ochiq bo‘lib bormoqda: fuqarolar sayohat qilmoqda, xorijga pul o‘tkazmoqda, xalqaro marketpleyslarda tovarlar sotib olmoqda, “Netflix” va boshqa xorijiy xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirmoqda. Xalqaro pul o‘tkazmalari va to‘lovlar kontekstida imtiyozlar davlat tomonidan banklarga beriladi. To‘lov tashkilotlari ular uchun tobora yuqori tariflar qo‘yayotgan banklar orqali ishlashga majbur bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, aynan “Paynet”, “Click”, “Uzum”, “Payme”, “Humans” va “Alif” kabi to‘lov tashkilotlari mijozlarning onlayn xizmatlarga sodiqligini oshirishga sezilarli darajada katta hissa qo‘shayotgani ma’lum. Buni ularning foydalanuvchilar soni ham, aylanmasi ham isbotlaydi. Ammo ko‘plab banklar raqamli xizmatlarning tarqalishiga hech qanday yordam ko‘rsatmasa-da, erkinlik va imtiyozlardan to‘liq foydalanmoqda.
Shuningdek, “Kaspi"ning “Humo"ni xususiylashtirishda ishtirok etishdan bosh tortishi ham investitsion jamiyat uchun salbiy signaldir. Bunday darajadagi kompaniya O‘zbekiston bozoriga kirsa, bu ular mamlakat iqtisodiyoti va kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini ko‘ra olishini anglatadi. Kompaniyaning o‘z bergan va OAV xabarlaridan ma’lum bo‘lishicha, “Kaspi” jarayon doirasida duch kelgan shart va talablar uning kutilmalariga to‘g‘ri kelmagan. Ishtirokchilarni e’lon qilmasdan o‘tkazilgan auksion ham, muddatlarga rioya qilmaslik ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
“Humo” bilan kelishuv so‘nggi yillarda eng ko‘p muhokama qilingan bitimlardan biridir, chunki bu yerda gap milliy to‘lov tizimi va yirik fintex-o‘yinchisi haqida ketmoqda. Davlat tomonidan tushunarli va shaffof qoidalarning yo‘qligi mamlakatdagi investitsiya muhitiga yaxshi ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.
Bundan tashqari, kiberfiribgarlik, ayniqsa, karding hali ham juda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Hozirda tarmoqda soxta resurslarga qarshi markazlashgan kurash yo‘q, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan antifrod va biometrik identifikatsiya tizimi loyihalari esa ishga tushirilmadi.
2025-yilda fintex qanday bo‘ladi?
Men bozor yetakchilari o‘rtasida qo‘shilishlar yoki sezilarli o‘zgarishlarni kutmayapman. Har birining o‘z kuchli va zaif tomonlari mavjud va har biri o‘z imkoniyatlari doirasida auditoriyani asta-sekin oshirib boradi.
Texnologiyalar rivoji haqida gapiradigan bo‘lsak, “Yandex”, “TBC”, “Humans” va boshqa kompaniyalar mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va xizmat xarajatlarini kamaytirish uchun allaqachon sun’iy intellektdan foydalanishni boshlagan. Ammo muammo shundaki, xalqaro servislarning SI modellari kamdan-kam hollarda o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlaydi va mahalliy kompaniyalar sust rivojlanish tufayli xorijiy ishlanma va kutubxonalardan foydalana olmaydi.
Shuningdek, fikrimcha, regulyator blokcheyn va kriptovalyutalarga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirishi kerak, chunki hozirda mamlakatda bu sohani rivojlantirish uchun na infratuzilma, na investitsiya imkoniyatlari, na sanoatni rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan xorijiy o‘yinchilarni jalb qila oladigan me’yoriy baza mavjud.
Umuman olganda, O‘zbekiston iqtisodiyoti qo‘shimcha qiymatli sohalar — IT, yuqori texnologiyalar, ilm-fan hisobidan emas, balki ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari hisobidan o‘smoqda. Ha, mamlakatda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, mahalliy “IT Park” va venchur fondlar kabi alohida tashabbuslar mavjud. Ammo yangiliklarda bozorning 95%ni tashkil qiluvchi bir xil 5−10ta kompaniya muntazam ravishda kuzatilmoqda.
Davlat kichik va o‘rta texnologik biznesni rivojlantirish uchun sarmoya kiritishi, ularni davlat dasturlari va subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bu IT-iqtisodiyoti uchun asos yaratadi va mamlakatning raqamli kelajagini harakatga keltiradigan startaplarni rivojlantirishga yordam beradi.
O‘zim uchun kelgusi yilda fintexning rivojlanishini belgilaydigan asosiy omillarni ajratib chiqdim:
Tartibga solishni kuchaytirish. Davlat aholini qayta kreditlashdan qo‘rqadi, shuning uchun iste’mol kreditlari va bo‘lib-bo‘lib to‘lash bozori, ehtimol, qattiq tartibga solinadi.
Sun’iy intellekt integratsiyasi. Yirik kompaniyalar o‘z jarayonlarini arzonlashtirish uchun sun’iy intellektni rivojlantirishda davom etadilar va bu davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanadi. Kelgusi 6 yilda sun’iy intellekt sohasida 10ta ilmiy laboratoriya ochish rejalashtirilgan. Ammo kichik va o‘rta biznes uchun bu hali mavjud bo‘lmaydi.
Open Banking. O‘zbekiston allaqachon ochiq moliyaviy muhitni yaratuvchi to‘lov tizimlari va mobil banklar integratsiyasiga ega kvazi Open Banking tizimiga ega. Uning to‘laqonli rivojlanishi uchun o‘yinchilarning o‘zaro almashinuvi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Bunga e’tibor qaratilsa 2025−2026 yillarga kelib O‘zbekiston Open Banking’ni to‘laqonli tizimga aylantira oladi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va xalqaro reytingni oshiradi.
Barqaror moliyalashtirish va axloqiy investitsiyalar. O‘zbekiston bozorida allaqachon “yashil” mahsulotlarga yo‘naltirilgan fondlar mavjud. Vaqt o‘tishi bilan ular ESG-kreditlash hajmi kabi ortadi. Ushbu yo‘nalish rivojlanmoqda — 2024-yilda Niderlandiyaning Tadbirkorlikni rivojlantirish banki (FMO) “TBC Bank Uzbekistan” uchun $40 mlnlik kredit liniyasini ajratdi, uning 30%i “yashil kreditlash"ga yo‘naltiriladi.
Superaplar. Moliyaviy ekotizimlar bitta interfeysda moliyaviy va nomoliyaviy xizmatlarning to‘liq spektrini taklif qiladi. Menimcha, mamlakatda sohaning rivojlanishi oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada bo‘ladi.
Aholining ular bilan qamrab olinmagan qismi uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish. Gap onlayn-xizmatlardan foydalanish uchun moliyaviy savodxonlik, internetga kirish, logistika va boshqa imkoniyatlarga ega bo‘lmagan qishloq hududlari aholisi haqida ketmoqda.
2025-yilda bu sohada sezilarli yutuqlarga erishilishiga shubha bildiraman, chunki davlat tomonidan investitsiyalar va yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘ladi. Biroq, kompaniyalar aholining bunday segmenti ulkan salohiyatli bozorga ega ekanligini tushunib, o‘zlari unga sarmoya kiritadilar.
Kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoyalash. O‘zbekistonga xavfsizlik sohasida yangi yechimlar, jumladan, biometrik autentifikatsiya va zero-trust arxitekturasi kerak. Dunyoning mutlaqo turli mintaqalaridagi kiberterrorchilarning sa’y-harakatlari hozirda O‘zbekistonga qaratilgan — mamlakat MDH davlatlari ichida kiberhujumlarga ko‘p uchrayotganlar qatoridan joy olgan. Shu bilan birga, mamlakat tahdidlarga hech ham tayyor emas. Davlatning ularga qarshi kurash bo‘yicha joriy chora-tadbirlari — bu faqat teshiklarni yopishdir. 2025-yilda davlat tuzilmalari fuqarolarning ma’lumotlarini himoya qilish uchun tizimli texnologik platformalarni yaratishi va odamlarning raqamli savodxonligini oshirishga katta resurslarni investitsiya qilishi kerak.
Spartak Tetrashvili,
“TBC Bank” bosh direktori.
“Humo” milliy banklararo protsessing markazini xususiylashtirish bank sektorida yil voqeasi bo‘ldi. Mazkur kompaniya O‘zbekiston moliya sektorining ustunlaridan biri bo‘lib, bunday o‘zgarishlar bozor uchun juda katta ahamiyatga ega. Xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda va eng muhim o‘zgarishlarni kelgusi yilda ko‘ramiz.
Ko‘plab o‘yinchilar O‘zbekiston bozoriga qiziqish bilan qaraydi, ammo o‘z vaqtida harakat qilish samarasi borligini tushunish muhimdir. Masalan, Qozog‘istonda “Kaspi” uzoq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelmoqda va hozirda kompaniya tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan strategiya taxminan 2012-yilda, raqamli banking deyarli mavjud bo‘lmagan paytda ishga tushirilgan.
O‘zbekistonda raqamli xizmatlar allaqachon yaxshi rivojlangan. Bozorimiz katta o‘sishga erishdi va “Kaspi” Qozog‘istonda yetakchi sifatida erishgan natijaga endi O‘zbekistonda erishib bo‘lmaydi. Albatta, qandaydir yangiliklar paydo bo‘lishi mumkin, lekin “vau” deydigan darajada emas.
Shunga qaramay, O‘zbekiston moliya bozori yana bir nechta kuchli o‘yinchilarni qabul qilishi mumkin, chunki u hali ham bank xizmatlari bilan yetarli darajada qamrab olinmagan va zarur xizmatlarni to‘liq ololmaydi. Ammo bu kompaniya boshqa bozorda muvaffaqiyatga erishdi degani, bu yerda ham xuddi shu takrorlanadi, degani emas.
2023-yildagi muhim kelishuv boshqaruvi o‘zgarishga ham ulgurgan “Ipoteka bank"ni xususiylashtirish bo‘ldi. Hozirda yana bir qancha banklarni xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda va bu jarayonni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun korporativ boshqaruvning yuqori standartlarini, MHXS bo‘yicha hisobotni joriy etish hamda biznes qiymatini real baholashga imkon bermaydigan “yomon” aktivlardan biznesni maksimal darajada “tozalash” zarur.
Shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishga intilishini qayd etmoqchiman. Mazkur yo‘nalishda ko‘plab muhim qadamlar qo‘yildi, bu albatta moliyaviy xizmatlar bozoriga ham ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda Open Banking ham mavjud. Ko‘pgina mamlakatlarda regulyatorlar ana shunday shaffoflikka intiladilar, ammo bizning holatimizda bozorda ikkita mustaqil milliy banklararo protsessing markazlari mavjudligini hisobga olsak, bu tabiiy natija.
Ochiq bank sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish va foydalanuvchilar manfaati uchun xizmatlar hamda mijozlar tajribasini takomillashtirish orqali moliya bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Shuni yodda tutish kerakki, mijozning banklar va to‘lov xizmatlarini almashtirish narxi deyarli nolga teng — raqobatchiga o‘tish uchun foydalanuvchi uning ilovasini o‘rnatishi kifoya.
Malayziyaning Eksimbanki O‘zbekistonda islom bankini joriy etishdan manfaatdor, biroq mamlakatda hozircha musulmon banklari faoliyatini ta’minlaydigan huquqiy asos va tartibga solish standartlari mavjud emas. Biroq, menga ma’lum bo‘lishicha, bu borada ishlar olib borilmoqda, O‘zbekistonda shariat tamoyillari bo‘yicha moliyaviy xizmatlarga talab bor va bu yildan yilga ortib bormoqda. Agar Malayziyaning Eksimbanki zarur qoidalar tasdiqlangunga qadar O‘zbekiston bozoriga chiqsa, menimcha, avvaliga oson bo‘lmaydi, lekin agar islom bankiga qo‘yiladigan barcha talablarga rioya qilinsa, kompaniya aniq o‘z mijozlariga ega bo‘ladi.