Avvalroq Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent” shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, prezident Yangi Toshkent shahridagi transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi.
1 mln aholiga mo‘ljallangan shahar infratuzilmasi uzoq muddatli bo‘lishi uchun hozirda katta hajmda yer osti muhandislik ishlari bajarilmoqda. Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi.
Transportlar qatnovi uchun 14ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari quriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun qulaylik yaratiladi.
Bugungi kunda bo‘lajak chorrahalardan birida ustunlar poydevorini quyish va gidroizolyatsiya ishlari bajarilmoqda. Prezident bu jarayonni ko‘zdan kechirib, qurilishda yuqori sifatli va tashqi ta’sirlarga chidamli mahsulotlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, ayni paytda bir va ikki seksiyali muhandislik kollektorlari qurilishi boshlangan. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer tagidan o‘tkaziladi.
Shaharda zamonaviy urbanizatsiya talablari asosida “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Mamlakatda birinchi marta “uch generatsiya” stansiyasi quriladi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sug‘orish va texnik maqsadlar uchun yo‘naltiriladi.
Davlat rahbariga “Yangi Toshkent"ning birinchi bosqichida ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Auksion orqali sotuvga chiqarilgan yer uchastkalari g‘oliblari o‘zlarining investitsiyaviy loyihalarini taqdim etishdi. Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirayotgani qayd etildi.
Bular qatorida 11ta ko‘p funksiyali (mix-used) majmua, mehmonxona va restoranlar loyihalari boshlangan. Uning qiymati birinchi bosqichda $490 mlnni tashkil etadi.
Keyingi yilda shaharning navbatdagi bosqichlari uchun yer uchastkalari bosqichma-bosqich taklif qilinadi. Har bir bosqichda, yangi investitsion imkoniyatlar va loyihalar taqdim etiladi. Shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, ta’lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.
“Yangi Toshkent” qurilishi
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent"ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.
May oyida “Cross Works” kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.
Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
Joriy yilning oktabr oyida “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini “Spot"ga ma’lum qilgandi.