Toshkent metrosida “MyID Palm” kaft rasmi bo‘yicha to‘lov tizimi ishga tushirildi. Bu haqda “Uzinfocom” yagona integratori “Spot"ga ma’lum qildi.
Yo‘lovchini biometrik identifikatsiya qilish uchun kaftdagi tomirlar hosil qilgan rasmni skanerlash texnologiyasi qo‘llaniladi. Tizim mahalliy ishlab chiquvchilar tomonidan Transport vazirligi, “ATTO” transporti to‘lov xizmati va “Octobank” bilan hamkorlikda yaratilgan.
Ishlab chiquvchilar foydalanuvchi ma’lumotlarini ishonchli himoya qilishni va’da qilishmoqda. Texnologiya ruxsatsiz kirish va biometrik profillarni soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaydi, deya ta’kidlanadi xabarda.
“MyID Palm” skanerlari Chilonzor liniyasining “Olmazor"dan “Buyuk ipak yo‘li"gacha bo‘lgan 12ta yer osti stansiyasida sinov rejimida ishlamoqda. Yaqin vaqt ichida tizim qamrovi barcha stansiyalarga kengaytirilishirejalashtirilgan.
Tizimdan “ATTO” transport kartasi va o‘rnatilgan servis ilovasi bo‘lgan smartfon mavjudligida foydalanish mumkin. Buning uchun biometrik profil yaratish va ular mavjud bo‘lgan metro bekatlaridan birida infokioskda kaftlarni skanerlash talab etiladi.
Bundan tashqari, “Octobank” mobil ilovasida “MyID Palm” funksiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Uning foydalanuvchilari yo‘l haqini to‘lash uchun istalgan bank kartasini ulashi mumkin.
Kaft orqali to‘lov tizimini dastlabki sinovdan o‘tkazish 2023-yilning noyabr oyi oxirida boshlangandi. O‘shanda tizim “Xalqlar do‘stligi” metro bekatida o‘rnatilgandi.
Avvalroq “Spot” Yangi yil mavsumida Toshkent-Chorvoq yo‘nalishida avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.