Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni “Yangi Toshkent” shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha doirasida “Toshkentning yashil belbog‘i"ni shu yerdan boshlash belgilangan. Hozirda ishlar boshlangan bo‘lib, 50 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etilgan. Qariyb 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.

Prezident shu yerda bo‘lib, navnihollarni ko‘zdan kechirdi. Bo‘lajak daraxtzorlarning landshaft dizayni, sug‘orish va parvarishlash tizimi haqida davlat rahbariga ma’lumot berildi. Hozirda keyinchalik ko‘chirib o‘tkazish uchun 27 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Issiqxona, qozonxona, ko‘chatlarni saqlash va sug‘orish tizimlari barpo etilgan.

Shuningdek, prezident yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun qurilayotgan vaqtinchalik ma’muriy binolardagi sharoitlar bilan tanishdi.

Hozirda yengil konstruksiyalardan 4ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Qurilish jarayonida to‘liq mahalliy materiallardan foydalanilgan. Ofislar “open space” uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.

Bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qilishi qayd etildi.

Ushbu yangi shaharga 2023 yil 18 mart kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Shu munosabat bilan o‘tgan marosimda davlatimiz rahbari u “yashil shahar” bo‘lishini aytgan edi. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar ko‘pligi kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

Davlat idoralarini “Yangi Toshkent"ga ko‘chirish 2023-yilning mart oyida uning qurilishi boshlanganidayoq ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ularning eski binolarini esa tijorat ehtiyojlari uchun berish mo‘ljallanmoqda.

Loyiha uchun Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘idagi 20 ming gektar maydon tanlab olingan. Uning qurilishi poytaxtning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasida nazarda tutilgan va demografik zarurat bilan belgilangan, deya qayd etgandi prezident.

“Yangi Toshkent” qurilishi

Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent"ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.

May oyida “Cross Works” kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.

Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.

Joriy yilning oktabr oyida “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini “Spot"ga ma’lum qilgandi.