Avvalroq Respublika oliy ta’lim kengashining bayonnomasi bilan xususiy OTMlarga yangi yig‘im belgilangani haqida xabar berilgandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unda kengash nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritib, davlat funksiyalarini amalga oshirmasligi va qarorlari majburiy kuchga ega emasligi qayd etilgan. Kengash faoliyatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qiladi hamda faqat tavsiyaviy xarakterga ega takliflar ishlab chiqadi.

Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida xorij tajribasi asosida mamlakat OTMlari faoliyatini yaxshilash takliflarini tayyorlashi, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishi, tizimda kadrlar tayyorlash va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish tavsiyalarini ishlab chiqishi hamda OTMlarning milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borishi kabilar keltirilgan.

“Muhokamaga sabab bo‘lgan xususiy OTMlarda to‘lov-kontraktdan tushadigan mablag‘larning 4%ini oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish majburiyati ko‘zda tutilmagan. Har qanday mablag‘ bilan bog‘liq harakatlar va munosabatlar tegishli shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Bunda O‘zbekiston fuqarolik qonunchiligi shartnoma erkinligini kafolatlashi, kengash doirasida yoki qonunchilikka muvofiq bunday munosabatlarni majburlash uchun mexanizmlar mavjud emasligi qayd etilgan. Shu bois, har qanday moliyaviy va huquqiy harakatlar tomonlarning ixtiyoriy kelishuvlari asosida amalga oshirilishi tabiiy holatdir.

Vazirlik Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni nodavlat notijorat tashkilotining ichki ishi sifatida baholamoqda. Shuningdek, vazirlik har qanday moliyaviy harakatlar yoki manfaatlar poymol etilishi yuzasidan murojaatlarni qabul qilishga va belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. “Tegishli choralar ko‘rilib, qonuniy manfaatlar himoya qilinishi ta’minlanadi”, deya xulosa qilinadi xabarda.

Respublika oliy ta’lim kengashi bayonnomasiga muvofiq to‘lov belgilanishiga asos sifatida “ta'lim siyosatini qo‘llab-quvvatlash,” “oliy ta’lim muassasalari va ularning o‘quvchilari manfaatlarini himoya qilish” va “ta'lim bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash” keltirilgan. O‘zLiDeP deputati Dilmurod Artikov mazkur holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Bosh prokuroturaga so‘rovi yuborgandi.

Avvalroq talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 31-dekabrgacha uzaytirilgani haqida xabar berilgandi.