Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev biznes uchun teng sharoit va adolatli raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan farmonni imzolagani haqida xabar bergandi. Hujjat 20-dekabr kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilingan chora-tadbirlarni belgilaydi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha tikuvchilik-trikotaj, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun JShDS va foyda solig‘i stavkalari 1%gacha pasaytiriladi.

Imtiyoz quyidagi shartlarning har biri bajarilganda amal qiladi:

  • muhtoj oilalardan yoki ijtimoiy himoya ro‘yxatidan kamida 15% xodimlar;
  • har bir xodimning ish haqi — 2 MHTEKMdan (2,3 mln so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda;
  • tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini sotishdan olingan umumiy tushum daromadlarning kamida 90%ini tashkil etishi kerak.

Shuningdek, 1-apreldan farmatsevtika mahsulotlarini sotish yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi barcha yuridik shaxslar daromadlaridan qat’i nazar QQS to‘laydilar.

QQS bo‘yicha hisobotlar soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Buning uchun onlayn-kassa va virtual kassa cheklari, EHF va boshqa ma’lumotlardan foydalaniladi.

Savdo-sanoat palatasi huzurida Tashqi moliya bozorlariga chiqishda biznesga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi.

U tadbirkorlarga xorijiy banklar, xalqaro moliya institutlari va boshqalardan mablag‘ jalb qilish bo‘yicha maslahatlar beradi. Har yili markazda kamida 100 ta kompaniyaga xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda.

Savdoni rivojlantirish kompaniyasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $100 mln miqdorida ssuda oladi. Pul 2028-yildan boshlab qaytarish sharti bilan 5 yilga yillik 2% miqdorida ajratiladi.

Ular hisobidan Savdoni rivojlantirish kompaniyasi agrobiznes, sanoat va savdo korxonalariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kreditlar ajratish maqsadida banklarga resurslar taqdim etadi. Bundan tashqari, ushbu mablag‘lardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kalibrlash va qadoqlash loyihalariga ham kreditlar beriladi.

Shuningdek, Savdoni rivojlantirish kompaniyasi 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha kafillik beradi. Bu bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarish uchun kompaniya mablag‘laridan $50 mln zaxira qilinadi.


Avvalroq mahalliy farmatsevtika korxonalari uchun bojxona imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytirilishi haqida xabar berilgandi.

Farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil etilib, u biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi.