2024-yilda milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan devalvatsiya sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi. Bu haqda “Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Respublika valyuta birjasidagi so‘nggi savdo kuni — 27-dekabrda dollar kursi 12 920,48 so‘mni tashkil etib, bir necha kunlik rekord yangilanishlardan so‘ng bir kunda 7 so‘m 79 tiyinga tushdi. Bir yil avval AQSh valyutasi 12 338,7 so‘mdan sotilgan. Milliy valyutaning pasayishi mutlaq qiymatda 581,78 so‘mni tashkil etdi.

Yil davomida so‘m dollarga nisbatan 4,71%ga qadrsizlandi. Taqqoslash uchun, 2021-yilda kurs atigi 3,4%ga, 2022-yilda 3,7%ga, 2023-yilda esa 9,83%ga pasaygan.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov “Spot"ga bergan intervyusida o‘zbek so‘mining devalvatsiya sur’atining pastligini oltin sotish, hukumat va davlat kompaniyalari qarzlari hamda mehnat migrantlarining transchegaraviy o‘tkazmalari bilan izohlagandi.

“Spot” ortda qolayotgan yilda so‘m qadrsizlanishining sekinlashishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishining iqtisodiyot uchun riski va 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida moliyaviy tahlilchilar bilan suhbatlashdi.

2024-yilda dollar kursi

“Kap Depo"ning investitsion bankiri Muzaffar Roziqov ning fikricha, 2024-yilda o‘zbek so‘mining 5%dan kam devalvatsiyasi avvalgi yillar fonida sezilarli o‘zgarish bo‘lib, unga nisbatan ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.

“Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarovning ta’kidlashicha, milliy valyutaning zaiflashishi sur’ati biroz sekinlashganiga qaramay, ko‘rsatkich 2021−2022-yillardagi barqaror qiymatlardan yuqoriligicha qolmoqda. Ekspert ayirboshlash kursiga ta’sir qilgan asosiy omillar qatorida salbiy savdo balansi (11 oy yakunlariga ko‘ra $10,9 mlrd) va oltin eksportining pasayishini (o‘tgan yilgi $8,15dan $6,63 mlrdgacha) ko‘rsatdi.

Roziqov oltin savdosi va mehnat muhojirlari o‘tkazmalarining nafaqat kamaymasdan, balki o‘sib borayotgani O‘zbekistonda dollar kursining barqarorligini ta’minlayotganini qayd etdi.

“Bundan tashqari, davlatlar kesimida mehnat migratsiyasining diversifikatsiyasi mavjud. Eng muhimi, hukumat qarzlari — bu milliy valyutani mustahkamlaydigan valyuta oqimi”, — dedi u.

Shodlik Nazarov eksport faolligining yuqori darajasi (o‘sish 4,4%) davom etayotganiga alohida to‘xtalib, iqtisodiyotning bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilinishi va uning alohida tarmoqlari barqarorligini qayd etdi. Yana bir omil — valyuta bozorini intervensiyalar orqali samarali nazorat qilgan va haddan tashqari tebranishlarni cheklagan Markaziy bank siyosati. Inflyatsiya darajasini pasaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosati aholi va biznesning milliy valyutaga ishonchini mustahkamladi, dedi ekspert.

Bundan tashqari, import o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi dollar kursini qo‘llab-quvvatladi. Natijada, uning so‘zlariga ko‘ra, bu import qilinadigan tovarlar uchun to‘lovni amalga oshirishda xorijiy valyutani sotib olish zarurati bilan bog‘liq valyuta bozoriga bosimni kamaytirishga yordam berdi.

Kuchli milliy valyutaning salbiy ta’sirlari haqidagi savolga Muzaffar Roziqov O‘zbekistonda dollarning joriy kursi ma’lum qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi, lekin ijobiy jihatlarga ham ega bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi nomutanosibliklarni to‘liq anglash uchun real eksport va import tarkibini o‘rganish kerak.

“2024-yilning 11 oyidagi salbiy savdo balansi iqtisodiyotga sezilarli bosim mavjudligini ko‘rsatadi. Kursning barqarorligi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlasa-da, uzoq muddatli istiqbolda importga qaramlikni oshirishi va valyuta zaxiralarini kamaytirishi mumkin”, — deydi Shodlik Nazarov.

Shu bilan birga, iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun eksport va ichki tarmoqlarni rivojlantirishni rag‘batlantiruvchi moslashuvchan valyuta siyosati talab etiladi, deya qo‘shimcha qildi u.

2025-yil uchun prognozlar

Kelgusi yilda “Kap Depo” investbankiri Roziqov AQSh dollarining kursi 13 340 so‘mdan oshishini kutmoqda. Milliy valyuta to‘g‘ridan to‘g‘ri oltinning sotilishi va/yoki o‘sishiga, shuningdek, davlat, davlat kompaniyalari va xususiy sektor tomonidan jalb qilinadigan xorijiy kreditlar hamda investitsiyalar hajmiga bog‘liq bo‘ladi.

“Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarov esa dollar kursi 14 ming so‘mdan pastda qolishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Bunda valyuta kursi Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalari hajmiga, import o‘sishiga va global iqtisodiyot holatiga bog‘liq bo‘ladi.

“Regulyator milliy valyutaning zaiflashuv sur’atlarini inflyatsiyadan oshmaydigan darajada ushlab turish imkonini berib, mo‘tadil devalvatsiya siyosatiga amal qilishda davom etishi kutilmoqda. Bunday strategiya valyuta bozorining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi”, — deydi u.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, agar pul o‘tkazmalari yuqori darajada saqlanib qolsa, ular mamlakatga xorijiy valyutaning barqaror oqimini ta’minlab, tashqi savdo balansi taqchilligini qisman qoplashi mumkin. Shu bilan birga, import tovarlariga talabning oshishi valyuta bozoriga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.

So‘m kursiga ichki omillardan tashqari tashqi omillar ham ta’sir qiladi. Ular qatorida Nazarov rivojlangan mamlakatlardagi foiz stavkalarining oshishi, xomashyo narxlarining o‘zgarishi va asosiy savdo hamkorlari, jumladan, Rossiya va Xitoydagi iqtisodiy vaziyatni sanab o‘tdi. Mazkur holatlar ularning xarakteri va ta’sir ko‘lamiga qarab, milliy valyuta kursining ham mustahkamlanishiga, ham zaiflanishiga yordam berishi mumkin, deya xulosa qildi u.