26-dekabr kuni hukumatning elektron tijorat sohasini rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Hujjat bilan onlayn savdo sohasidagi korxonalarni ko‘rsatilayotgan xizmatlar va faoliyat turlari bo‘yicha tasniflash belgilandi. Shuningdek, sohada to‘liq statistik ma’lumotlarni to‘plashni yaxshilash choralari ko‘rsatilgan.
Faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari e-commerce platformalarining operatorlari bo‘lishi mumkin. Mazkur talab marketpleyslardan tashqari, buyurtmalar agregatorlari va raqamli striming xizmati operatorlariga ham tatbiq etiladi.
Elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyat olmaydigan, foydalanuvchilarga tovarlar, xizmatlar va raqamli mahsulotlar haqida onlayn ma’lumot taqdim etuvchi yuridik shaxslar yoki YTTlar elektron tijorat operatori hisoblanmaydi.
2025-yilning 1-iyulidan e-commerce subyektlari uchun faoliyatni amalga oshirishda xabardor qilish tartibi va maxsus reyestr joriy etiladi.
Platformalardagi barcha operatorlar va sotuvchilar elektron tijorat doirasida hisob-kitoblarni alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishlari kerak bo‘ladi. Bunga tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilganlar ham kiradi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning elektron tijoratdan olgan daromadlari uning bank kartasi biriktiriladigan alohida hisobvarag‘ida hisobga olinishi kerak. Mablag‘lar tovarlar va xizmatlarni sotishdan olingan daromadlarni aniqlashda aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga o‘tkazish uchun foydalaniladi.
Istisno tariqasida, o‘zini o‘zi band qilgan kuryerlar va taksi haydovchilariga pullarni maxsus hisobvaraqlarga oldindan depozitga qo‘yishga ruxsat beriladi. Ular tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki elektron tijorat subyektining hisobvarag‘iga mablag‘larni inkassatsiya qilish uchun hisobdan chiqariladi.
Shuningdek, ular to‘lovlarni naqd pulda qabul qilishlari mumkin. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchiga o‘tkazilgan mablag‘larga teng miqdorda naqd pulni inkassatsiya qilmasdan o‘z ixtiyorida qoldirishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi marketpleyslardan 100 mln so‘mni qaytarib olgani haqida yozgandi.