“Hududiy elektr tarmoqlari” raisi Asrorjon Asqarov 30-dekabrdan 2025-yil 3-yanvargacha bo‘lgan bayram kunlari iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha elektr tarmog‘i majmuasi shtabini o‘tkazdi.
Elektr ta’minoti korxonalari rahbarlari yong‘inga qarshi tizimlar tekshirilgani, uskunalar va materiallarning avariyaviy zaxiralari butlangani, barcha elektr ta’minoti korxonalarida xodimlar va rahbarlarning tun-u kun navbatchiligi tashkil etilgani haqida axborot berdi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar va ommaviy dam olish maskanlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangi yil bayrami davrida energiya obyektlarida qo‘shimcha inspeksiya nazorati o‘tkaziladi, xavfsizlik choralari kuchaytiriladi.
HET favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun jami 1395ta avariya-tiklash brigadasi tashkil etilgan: 6466 nafar xodim va 1334ta texnika vositasi.
Zarurat tug‘ilganda, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha ravishda umumiy quvvati 90000 kVA bo‘lgan 100dan ortiq ko‘chma zaxira energiya manbalari (dizel generatorlari) ishga tushirilishi mumkin.
“30-dekabrdan 3-yanvarga qadar „Hududiy elektr tarmoqlari“ tomonidan barcha energetika obyektlarida „texnologik osoyishtalik“ ya’ni, elektr qurilmalarida rejali ta’mirlash ishlari amalga oshirilmaslik rejimi joriy etilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda, iste’molchilar 1154 qisqa raqamiga murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq “Spot” o‘tgan davrda 1,4 trln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, 730,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va 679,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.