Markaziy bank asosiy va muqobil ssenariylar bo‘yicha O‘zbekistonning 2025-yil uchun to‘lov balansining dastlabki prognozlarini shakllantirdi. Bu haqda regulyatorning to‘lov balansi, mamlakatning xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bag‘ishlangan qisqacha sharhida keltirilgan.

Asosiy ssenariy

2025-yilda Markaziy bank O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari iqtisodiy o‘sishining biroz sekinlashishini kutmoqda: XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti 4,5% (2024-yilda — 4,8%), Rossiya — 1,3% (3,6%), Turkiya — 2,7% (3,6%), Qozog‘iston — 4,6% (3,5%) o‘sishi mumkin.

Global geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy noaniqliklar fonida keyingi yilda regulyator ayrim qimmatbaho va nodir metallar (oltin, kumush, mis, uran) narxlari keskin o‘zgarishlarsiz nisbatan yuqori darajada qolishini prognoz qilmoqda.

Bundan tashqari, paxta narxi 2024-yildagi pasayishdan so‘ng, yalpi taklif kamayishi ortidan biroz ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda.

Turizm va IT-sohalaridagi islohotlarning davom ettirilishi natijasida 2025-yilda jami eksport hajmi 2024-yilga nisbatan 9−11%ga oshishi kutilmoqda.

O‘z navbatida, import 2025-yilda 8−10%ga o‘sishi mumkin. Buning sabablari orasida YIMning 5,5−6%ga o‘sishi mashina-uskunalar, transport vositalari, yoqilg‘i-energetika mahsulotlari, oziq-ovqat va xomashyo importining o‘sishi, shuningdek, hukumatning fiskal taqchillikni qisqartirish bo‘yicha rejalari ham bor.

Mehnat migratsiyasi sohasida joriy yil kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqining oshishi hamda migratsiya geografiyasida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi 2025-yilda ham saqlanib qoladi, bu esa O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining 10−12%ga o‘sishini ta’minlaydi.

Global moliyaviy sharoitlarni bosqichma-bosqich yumshatish va foiz stavkalarini pasaytirish norezidentlardan suzuvchan foiz stavkalarda jalb qilingan kreditlar va qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartiradi.

2025-yilga kelib birlamchi va ikkilamchi daromadlar kompononentining ijobiy saldosi 2024-yilga nisbatan 8−10%ga oshishi ko‘payishi taxmin qilinmoqda, bu esa savdo balansining manfiy saldosini qoplashga xizmat qiladi.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, Markaziy bank 2025-yil oxiriga kelib, to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining manfiy saldosi YIMning 5−6,5%i atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi (energetika, tog‘-kon va kimyo sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik, bank-moliya va boshqa sohalarga kutilayotgan investitsiyalar), portfel investitsiyalari (xalqaro kapital bozorlarida yangi yevrobondlar joylashtirilishi) va tashqi qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Muqobil ssenariy

Muqobil ssenariyda Markaziy bank 2025-yil oxiriga kelib to‘lov balansining joriy operatsiyalari hisobi YIMning 6,5−8%iga teng manfiy saldo bilan shakllanishini prognoz qilmoqda.

To‘lov balansining shakllanishiga quyidagilar ta’sir qilishi mumkin:

  • geosiyosiy keskinlik va xalqaro savdoda fragmentatsiya jarayonining kuchayishi oqibatida O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlarida iqtisodiy faollik darajasining pasayishi va yalpi talabning qisqarishi;
  • rangli va rangsiz metallar, paxta xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari kabi asosiy eksport tovarlarining jahon narxlari pasayishi;
  • global inflyatsiyaning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlarining qat’iy darajada saqlanib qolishi natijasida tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ortishi va xorijiy investitsiyalar oqimining kamayishi.

Shu bilan birga, sanksiyalarning kuchaytirilishi oqibatida mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi an’anaviy mamlakatlarning valyuta kurslari o‘zgaruvchanligi kuzatilishi va to‘lov tizimlaridagi uzilishlar ortidan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi ham ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida keltirilgan.

Bundan tashqari, yakuniy iste’mol xarajatlari va investitsion faollikning o‘sishi natijasida yalpi talabning oshishi mashina-uskuna, transport vositalari (davlat va xususiy investitsiya loyihalari doirasida yirik tovarlar), energoresurslari va boshqa xomashyolar importining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Avvalroq “Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sur’atining sekinlashishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar hamda keyingi yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar borasida suhbatlashgandi.