2025-yilning 1-yanvaridan boshlab Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqariladigan barcha neft mahsulotlari tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) orqali sotiladi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun tovar va xizmatlar bozorida samarali raqobat muhitini yaratish, monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish, taqsimlash tizimi unsurlarini tugatish, barcha xo‘jalik yurituvchilarni moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash uchun teng sharoitlar yaratish yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

“Ushbu tartib-tamoyilga asosan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Buxoro NQIZ tomonidan ishlab chiqariladigan barcha turdagi neft mahsulotlari, shu jumladan, benzin ham faqat birja savdolari (O‘zRTXB — „Spot“ izohi) orqali erkin raqobat muhitida sotuvga chiqariladi”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekneftgaz"ning ta’kidlashicha, aholining benzinga bo‘lgan talabini qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan va buning uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.

Oktabr oyining oxiridan boshlab “O‘zbekneftgaz” AI-92 benzinini tovar-xomashyo birjasiga qo‘ya boshladi. Buxoro NQIZda ishlab chiqarilayotgan yoqilg‘i narxi bir tonnasi uchun 11,5 mln so‘mdan oshadi.

Avvalroq 17ta AYQSh qoidabuzarlik uchun benzin savdosidan chetlashtirilgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida mazkur yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sifatsiz benzin sotish holatlari aniqlangan.