1-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi “Carvon” (sobiq “UNG Petro”) eng yirik AYQShlar tarmog‘i shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi keskin oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga “Gazeta.uz” nashri aniqlik kiritdi.

Xususan, yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birida narx 18,1%ga — 6900 so‘mdan 8150 so‘mgacha oshgan. Boshqa yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa yoqilg‘i qimmatlashgani yo‘q — AI-80 benzinining bir litri 8400 so‘mdan 9000 so‘mgachani tashkil etadi.

Shoxobchalar Buxoro NQIZdan benzin oladi. “O‘zbekneftgaz” zavoddagi barcha neft mahsulotlari, shu jumladan, benzin ham 1-yanvardan faqat birja orqali sotilishini ma’lum qilgandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov 2025-yil hisobidan birja ish boshlamagani va ilk savdolar 3-yanvar kuni o‘tkazilishiga e’tibor qaratdi.

“Bu degani birjadan olingan benzin “UNG Petro” “zapravka"larida faqat kelasi haftadan sotilishi mumkin. Demak, hozirgi 8 150 so‘mdan sotilayotgan benzin imtiyozli narxlarda va o‘tgan yili to‘g‘ridan to‘g‘ri olingan arzon benzinning qoldig‘i”, — deb yozdi u.

2024-yilning 1-yanvaridan AI-80 benziniga nisbatan aksiz solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilingach, “UNG Petro” AYQShlarida AI-80 benzini narxi 6 050 so‘mdan 6 800 so‘mgacha qimmatlashgandi. Shu tariqa, yil davomida yonilg‘i narxi 19,8%ga oshdi.

Statistika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda benzin 5,9%ga qimmatlashgan. Tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 26-dekabr kuni Ai-80 benzini narxi bir tonnasi uchun (QQSsiz) 9,31 mln so‘mni tashkil etdi. Noyabrdagi eng yuqori ko‘rsatkichlar vaqtida narx 10 mln so‘mdan oshgan, ammo Raqobat qo‘mitasi tomonidan narx chegarasi joriy etilgandan so‘ng, narxlar ruxsat etilgan darajagacha tushdi.