O‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Nomzodlar 18−50 yosh oralig‘ida hamda yaxshi jismoniy va psixologik holatga ega bo‘lishi, rus tilini bilishi zarur.
Ro‘yxatdan o‘tish 2025-yilning 10-yanvar kuni agentlikning xorijdaish.uz portali orqali amalga oshirilib, jarayon soat 15:00dan 19:00gacha davom etadi.
Buning uchun xorijga chiqish pasporti, faol elektron pochta (unda ism-familiya “zagran” pasport bilan bir xil bo‘lishi shart), yorqin fonda pasport o‘lchamidagi elektron fotosurat kerak bo‘ladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tanlovning keyingi bosqichlarida ishtirok etishni kafolatlamaydi. Bu tanlovni tashkil etayotgan “HOPS” rekruting kompaniyasining avtomatik tanlov tizimiga bog‘liq.
Onlayn suhbat kompaniya operatori tomonidan 2025-yilning 14−15-yanvar kunlari o‘tkaziladi.
Test ma’lumotlari faqat ro‘yxatdan o‘tgan va ish beruvchi tomonidan tanlangan fuqarolarga elektron pochta orqali yuboriladi. Elektron pochtani muntazam tekshirib turish kerak.
“HOPS” vakillari onlayn test orqali tanlangan nomzodlar bilan bog‘lanib, oflayn suhbat o‘tkazadi va qo‘shimcha ko‘rsatmalar beradi.
Qabul qilinganlarga soatiga 11,44 yevro ($12) miqdorida ish haqi beriladi. Ish beruvchi haftasiga kamida 32 soat ishlashni kafolatlaydi. Viza (298 funt sterling — $373) va aviachipta xarajatlari nomzodlarning o‘zlari tomonidan qoplanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish linki 10-yanvar kuni agentlikning “Telegram"dagi kanaliga joylanadi. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Migratsiya agentligi bu jarayonda ishtirok etmasligini, tanlangan fuqarolarning Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketishini keyinchalik tashkil etish bilan shug‘illanishini qayd etdi.
Angliyaga pul evaziga mavsumiy ishga yuborishni taklif qilayotgan tijorat kompaniyalari yoki uchinchi shaxslarga aldanib qolmaslik, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishda uchinchi shaxslarga pul to‘lamaslik so‘ralgan.
Avvalroq Rossiya kompaniyalari 5,6 ming nafar o‘zbekistonlikni ishga jalb qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. “Legalons” autsorsing kompaniyasi bilan 600 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlashga kelishildi.