“Alif” guruhi Islom taraqqiyot banki guruhiga kiruvchi Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) tomonidan moliyalashtirishni jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Bitim ITFC va “Ipak Yo‘li banki” o‘rtasida O‘zbekistonda xususiy sektorni savdo-sotiq bilan moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirildi. Uning doirasida jami $3 mln ajratilib, mablag‘lar “Nasiya” muddatli to‘lov xizmatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Bitimda “Ansher Capital” va “TMT Global Advisors” investitsiya kompaniyalari “Alif” moliyaviy maslahatchilari sifatida ishtirok etishdi. “Alif” Uzbekistan bosh direktori Nuriddin Lafizovning ta’kidlashicha, kompaniya ITFC bilan hamkorlik orqali mijozlar uchun fintex xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

“Ushbu hamkorlik “Alif"ning O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish va moliyaviy xizmatlar bozorida o‘z mavqeini mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasini aks ettiradi. “Alif”, shuningdek, sukuk islomiy obligatsiyalarini joylashtirishni rejalashtirmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Lafizov.

Kompaniya matbuot xizmatining izoh berishicha, qog‘ozlar emissiyasi xorijda, “Euroclear” depozitariysida ro‘yxatdan o‘tgan holda amalga oshiriladi. Olingan pullar O‘zbekistondagi iste’molchilarni kreditlashda foydalaniladi, deya aniqlik kiritdi Lafizov “Spot"ga bergan izohida.

Bundan oldin, 2024-yil dekabr oyida “Alif Uzbekistan” Amerikaning “Accial Capital” investitsiya kompaniyasidan “Nasiya” xizmatini rivojlantirish uchun $20 mln jalb qilganini e’lon qilgandi. Bitimni kuzatib borgan maslahatchilardan biri “TMT Global Advisors” edi.

“Alif Uzbekistan"ning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili moliyaviy texnologiya servisi xorijiy investorlardan $50 mlnga yaqin mablag‘ jalb qilgan. Fintex kompaniyasi bo‘linmasi tomonidan jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi $150 mlndan oshdi.

Masalan, oktabr oyida kompaniya Britaniyaning “Cur8 Capital” fondidan 5 mlngacha jalb qilish bo‘yicha bitim tuzdi. Shuningdek, Alif 50 mlnlik islomiy obligatsiyalarini (sukuk) joylashtirish rejalarini e’lon qildi.

Avvalroq “Spot” “UnionPay” O‘zbekistonda onlayn to‘lov tizimlarini rivojlantirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.