3-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevga banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
16-dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tegishli topshiriqlarni bergandi. Shundan kelib chiqib, 2025-yilda jami 5,2 mln nafar, jumladan, banklar tomonidan 3 mln nafardan ziyod aholini band qilish rejalashtirildi.
Buning uchun 208ta tuman va shaharlar hokimlari hamda banklar rahbarlari tomonidan aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolanib, tomonlarning aniq huquq va majburiyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Har bir mahalla bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida ajratiladigan $1 mlrd kredit resurslari banklar va hududlar kesimida taqsimlandi.
Loyiha ishlab chiqish, kredit ajratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman banki rahbariga oyma-oy samaradorlik ko‘rsatkichi qo‘yildi.
Endi Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari hududlarga chiqib, joylardagi bank filiallarining mahallalardagi ishini yangicha yondashuv asosida tashkil qiladi.
Joriy yilning 1-fevraligacha tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlanadi. Har bir mahallada ular bilan birga ishlaydigan “yordamchi-agentlar” tanlab olinadi.
Hududiy banklar hamda tuman hokimlari aholini tayyor biznes loyihalari bilan tanishtirib boradi, ularni amalga oshirish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.
Shuningdek, “online-mahalla.uz”, “bank-kredit.uz” va “soliq.uz” axborot tizimlari integratsiya qilinib, mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi kunlik tahlil qilib boriladi. Faoliyati qoniqarsiz bo‘lgan rahbarlarga chora ko‘riladi.
Avvalroq “Spot” ekspertlar bilan fintex va bank sektorining tartibga solinishi, 2024-yilning asosiy voqealari va 2025-yil bo‘yicha prognozlar borasida suhbatlashgandi.