O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining 4-yanvardan amal qiladigan qiymatini 12 915,18 so‘m etib belgiladi. Birjada kurs 10 so‘m 27 tiyinga ko‘tarildi.

25-dekabr kuni dollarning rasmiy kursi yangi rekord darajani o‘rnatib, 12 930 so‘mga yaqinlashgandi. Undan bir kun oldin (24-dekabr) kurs 12 909,80 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, chorshanba kungi savdolarda uning qiymati 18 so‘mga qimmatlashdi.

Respublika valyuta birjasidagi so‘nggi savdo kuni — 27-dekabrda dollar kursi 12 904,91 so‘mni tashkil etib, bir kunda 15 so‘m 57 tiyinga tushdi.

“Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sur’atining sekinlashishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar hamda keyingi yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar borasida suhbatlashdi.

“Kap Depo"ning investitsion bankiri Muzaffar Roziqovning fikricha, 2024-yilda o‘zbek so‘mining 5%dan kam devalvatsiyasi avvalgi yillar fonida sezilarli o‘zgarish bo‘lib, unga nisbatan ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.

“Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarov eksport faolligining yuqori darajasi, Markaziy bank siyosati hamda import o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi dollar kursini qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.

Roziqov 2025-yilda AQSh dollarining kursi 13 340 so‘mdan oshishini, Nazarov esa kurs 14 ming so‘mdan pastda qolishi mumkinligini prognoz qilmoqda.