Limitdan oshgan tadbirkorlar uchun energiya resurslari to‘lovi kamaytiriladi. Bu bo‘yicha 27-dekabr kuni hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga hisob-kitob davrida shartnomaviy miqdordan ortiqcha foydalanilgan resurslar uchun to‘lov bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi. O‘tgan yilning sentabridan boshlab limit 20% va undan oshganda, oshirilgan koeffitsient 1,2ni tashkil etadi.
Yangi tahrirdagi hujjatda aniqlik kiritilishicha, koeffitsient iste’molchining limitdan 20% oshgandan keyingi foydalanilgan resurslariga nisbatan qo‘llaniladi. Masalan, agar shartnomada oyiga 100 ming kVt⋅soat yetkazib berish belgilangan bo‘lsa, 120 ming kVt⋅soatdan ortiq hajm uchun yuqori tarif bo‘yicha to‘lov amalga oshiriladi.
Bundan maishiy iste’molchilar mustasno. Gaz yetkazib berish borasida esa avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, issiqlik elektr stansiyalari va boshqa strategik tashkilotlar ham bu qoidalarga bo‘ysunmaydi.
Shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlarini auksion orqali sotishda elektr energiyasi uchun qarzdorlikni bartaraf etish tartibi belgilanmoqda. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha shartlar belgilanmagan bo‘lsa, uni to‘lash majburiyati xaridor zimmasiga yuklanadi.
2024-yilning 20-avgust kuni o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov ikki barobar ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotgani qayd etilgandi. Natijada, sanoat o‘sishiga ta’sir qiluvchi cheklov qisqartirilishi belgilandi. Davlat rahbarining sentabr oyidagi farmoni bilan tadbirkorlar uchun ortiqcha elektr va gaz iste’moliga qo‘shimcha to‘lov 10 baravarga kamaytirilishi ma’lum qilindi.
Dekabr oyi oxirida prezident elektr energiyasini behuda sarflash uchun javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Bundan tashqari, qarzdorlarni elektr tarmog‘idan uzish o‘rniga, ularga qarzni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish taklif etilmoqda.
Avvalroq prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashining yangi tarkibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.