Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari elektr ta’minotidan uzib qo‘yilayotgani holati bo‘yicha munosabat bildirdi.

Uning qayd etishicha, dekabr oyi o‘rtalarida tegishli idoralar tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida subiste’molchilar faoliyati tegishli talablarga muvofiqligi o‘rganilgan. Natijada, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilgan.

“Energetika vazirligining aralashuvidan so‘ng, faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan. Faqat texnik shartlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha muammolarga ega 11 dona stansiyaga hujjatlar bilan bog‘liq masalalar hal qilingunga qadar muddat belgilangan. Ayni paytda ular ham tarmoqqa ulangan bo‘lib, bugun Toshkent shahrida bironta ham o‘chirilgan quvvatlantirish stansiyasi yo‘q”, — dedi Umid Mamadaminov.

elektromobillar, energetika vazirligi, quvvatlash stansiyalari, zaryadlash stansiyalari

Umid Mamadaminov. Foto: Energetika vazirligi lavhasidan

Shuningdek, Mamadaminov subabonent sifatida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘z hududiga ulagan tadbirkorlar hududiy elektr tarmoqlari filiallariga murojaat qilib, o‘z texnik shartlarini o‘zgartirishlari va yangi quvvatlarini belgilab olishlari kerakligini qayd etdi.

Mamlakatdagi 1 mingga yaqin, Toshkent shahrida esa 500dan ziyod shunday stansiyalar ishlayotgan bo‘lsa, shundan faqat 104si texnik shartlarga ega.

2024-yilning 1-noyabrigacha mamlakatga 5 417ta elektromobillarni zaryadlash stansiyasi olib kirilgan. Bu esa ortda qolgan yilning o‘zidayoq mazkur miqdordagi texnik shartlar olinishi kerakligini ko‘rsatadi.

“Bu holatda esa hududlarda yuklamaning ortishi, kuchlanishning pasayishi va boshqa iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlarning yuzaga kelishi hech gap emas”, dedi Energetika vaziri o‘rinbosari.

Bundan tashqari, vazirlik 2025-yilda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari egalari uchun qulaylik va imtiyozlar yaratilishi ko‘zda tutilganini bildirdi.

Xususan, hozirda ishlab chiqilayotgan qaror loyihasi bilan kunning tig‘iz vaqtida — iste’mol ko‘p bo‘ladigan ertalabki soat 6:00dan soat 10:00gacha hamda kechki soat 17:00dan 22:00gacha bo‘lgan vaqt davomida elektromobilni quvvatlantirish uchun nisbatan oshirilgan, tungi vaqtda esa 50%gacha arzonlashtirilgan tarif qo‘llash mo‘ljallanmoqda.

2024-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiruvchi tungi tarif joriy etilishini ma’lum qilgandi.

Iyul oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev quvvatlash uskunalari uchun alohida hisob yuritish rejalashtirilayotgani haqida xabar berdi.

“Elektrzapravkalar"dagi o‘chirilishlar

17-dekabr kuni O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari majburiy ravishda o‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bir nechta bozor ishtirokchilarining “Spot"ga xabar berishicha, stansiyalardagi birinchi uzilishlar bir hafta oldin boshlangan.

Kompaniyalar o‘chirilishlar haqida ogohlantirilmaganini hamda huquqiy hujjatlar taqdim etilmaganini ta’kidlashdi. Bu haqida ular stansiyalar faoliyatini nazorat qilish vaqtidagina bilib olishgan.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev vazirlik tomonidan stansiyalar faoliyatiga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini “Spot"ga ma’lum qildi. “Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish tarafdori”, — dedi u.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari operatorlari Kadastr agentligidan stansiyalarni demontaj qilish talabi bilan ko‘rsatma oldi. Agentlikning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, tekshiruvlar natijasida yer uchastkalaridan “maqsadsiz” foydalanish holatlari aniqlangan. Xususan, boshqa maqsadlar uchun ajratilgan hududlarda stansiyalar o‘rnatilgan.

Undan keyin O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘chirilayotgani yuzasidan Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga so‘rov yubordi. Deputat stansiyalar faoliyati cheklanishi hamda demontaj ishlarining qonuniyligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berishni so‘ragandi.