Yanvar oyida Toshkent metropoliteni 9ta yangi harakat tarkibini (36ta vagon) qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda metropoliten instruktori Bahodir Ergashev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

31-dekabr kuni poytaxt metropoliteni matbuot xizmati 12ta vagondan iborat uchta yangi tarkib vagon parkiga olib kelinganini ma’lum qildi. Hozirda poyezdlar 9−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan oyda metro ilk bor bir kunda 1 mln nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi.

Bahodir Ergashevning qayd etishicha, oxirgi ikki yilda poytaxt metropoliteniga 14ta harakat tarkibi olib kelingan. Shu tariqa, 2024-yilda metropolitenga 68 vagonga mo‘ljallangan 17ta yangi poyezd yetkazib berildi.

“Bu poyezdlar elektr energiyasi tejamkorligi bilan ajralib turadi. 2025-yilning yanvar oyida yana 9ta harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Sentabr oyida Toshkent metropoliteniga o‘tgan yil yakunidan 48ta yangi vagon yetkazib berilishi ma’lum bo‘ldi. 2025-yilda vagon parkini yana 56ta vagon bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

Natijada Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishida vagonlar soni ortishi hisobiga oraliq interval hozirgi 9, 4 daqiqadan 2−3 daqiqagacha kamaytiriladi.

Avvalroq “Spot” Toshkent metrosining 12ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi.