“Apple” “Siri” maxfiyligi haqidagi da’voni hal qilish uchun $95 mln to‘laydi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Gap foydalanuvchilar maxfiyligini buzgan deb ta’kidlangan “Siri” ovozli yordamchisi bilan bog‘liq jamoaviy da’voni hal qilish haqida ketmoqda.

Mobil qurilmalar egalari “Apple” muntazam ravishda ularning shaxsiy suhbatlarini “Siri"ni beixtiyor faollashtirganidan keyin yozib olgani va bu suhbatlarni uchinchi shaxslarga, masalan, reklama beruvchilarga oshkor qilgani haqida shikoyat qilishgan.

Ikki da’vogar o‘zlarining “Air Jordan” krossovkalari va “Olive Garden” restoranlarini tilga olishlari ushbu mahsulotlarning reklamasini keltirib chiqarganini ta’kidlashdi. Yana bir da’vogar esa, o‘z shifokori bilan, o‘ylaganidek, shaxsiy tarzda muhokama qilgan masalasi haqida maxsus jarrohlik davolash usulining reklamasini olganini ma’lum qildi.

O‘n millionlab deb hisoblanayotgan holat ishtirokchilari “Siri” qo‘llab-quvvatlaydigan har bir qurilma, masalan iPhone va Apple Watch uchun $20gacha olishlari mumkin.

Dastlabki kelishuv seshanba kuni kechqurun Kaliforniya shtatining Oklend federal sudiga topshirildi va AQSh okrug sudyasi Jeffri Uaytning tasdig‘ini talab etadi.


Avvalroq “Spot” “Apple” “Siri"ning yangi versiyasini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.

Yangilangan ovozli yordamchi kompaniya qurilmalari bilan muloqotni yanada tabiiy va samarali qilishga yordam beradi.