3-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevga 2025-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda mamlakat YIMi 6% o‘sishi kutilmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 480,5 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda, YIMga nisbatan 3% miqdoridagi taqchillik bilan tasdiqlandi.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari balansi YIMga nisbatan 2% miqdorida taqchillik bilan shakllantirildi. Bunda davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 344,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirildi.
2025-yilda Qoraqalpog‘iston budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari prognozi 65,8 trln so‘m, xarajatlari prognozi 84,3 trln so‘m miqdorida bo‘lishi inobatga olingan.
Shuningdek, respublika budjetidan mahalliy budjetlarga 18,5 trln so‘m miqdorida tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar o‘tkazib berilishi nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, bu yil ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi tadbirlar uchun jami davlat budjeti xarajatlarining 52%i yo‘naltiriladi.
Mahalliy budjetlar daromadini ko‘paytirish va mustaqilligini oshirish maqsadida quyidagi soliq turlari qo‘shimcha tarzda tuman va shaharlar budjetlarida qoldiriladi:
- aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari to‘liqligicha (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno);
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50%i (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno);
- davlat mulkini xususiylashtirishdan mahalliy budjetlarga tushadigan tushumlarning 50%i.
Shuningdek, tuman va shaharlar mahalliy kengashlariga ayrim soliq turlari bo‘yicha koeffitsient qo‘llash vakolatlar berilgan.
Davlat budjeti joriy yilda ham iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni manzilli hal etib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Avvalroq Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari hududlarga chiqib, bank filiallari faoliyatini o‘rganishi haqida xabar berilgandi.