Balandligi 16 qavatdan yuqori bo‘lgan binolar, savdo majmualari va avtoturargohlar (parkinglar) ni loyihalash va qurish qoidalari ishlab chiqiladi. Bu haqda prezidentning 2024-yilning 27-dekabrida qabul qilingan farmoni yo‘l xaritasida keltirilgan.
Hujjat bilan, shaharlardagi avtoturargohlarni zonalarga ajratgan holda rejalashtirish normalarini qayta ko‘rib chiqish belgilangan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga joriy yilning dekabrigacha shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tadbirkorlarning lizingga olingan texnikasi hisobini yuritish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritish belgilandi. Joriy yilning avgustigacha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishi kerak.
Bundan tashqari, prezident qurilishda energiya samarador va energiya tejamkor qurilish materiallari (gazobeton, penobeton, polistirolbeton, bazalt asosida issiqlik saqlovchi materiallar, polistirol sendvich panellari) dan foydalanish bo‘yicha mavjud standartlarni qayta ko‘rib chiqish va yangilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Qurilish va uy-joy kommunak xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatni ishlab chiqadi. Belgilangan muddat — 2025-yilning dekabr oyi.
Avvalroq “Yangi Toshkent"dagi vazirlik va idoralarning vaqtinchalik ma’muriy binolari uchun yengil konstruksiyalardan 4ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgani haqida xabar berilgandi.