Prezident “bulutli” (Cloud) texnologiya asosida ishlovchi ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining 2024-yilning 27-dekabrida qabul qilingan farmoni yo‘l xaritasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Kiberxavfsizlik markaziga topshiriq berildi. 2025-yilning mart oyigacha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.

Bunda takliflar shaxsga doir hamda maxfiy ma’lumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ishlab chiqilishi belgilangan.

Dekabr oyida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida “TBC Bank Group"ning xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz davlat rahbariga bank ma’lumotlarini saqlash talablarini yumshatish taklifini bildirgandi.

Oliver Xyuz banklarga o‘rnatilgan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini saqlash bo‘yicha qat’iy talablar mamlakatda texnologik kompaniyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini qayd etdi.

Undan keyin, 27-dekabr kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida O‘zbekistonni YOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va “Raqamli ittifoq” loyihasiga ulash tashabbusini ilgari surgandi.