O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana rekord darajani qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

4-yanvar kuni regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 942,01 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 26 so‘m 83 tiyinga oshdi.

25-dekabr kuni dollarning rasmiy kursi yangi rekord darajani o‘rnatib, 12 930 so‘mga yaqinlashgandi. Undan bir kun oldin (24-dekabr) kurs 12 909,80 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, chorshanba kungi savdolarda uning qiymati 18 so‘mga qimmatlashdi.

Respublika valyuta birjasidagi so‘nggi savdo kuni — 27-dekabrda dollar kursi 12 904,91 so‘mni tashkil etib, bir kunda 15 so‘m 57 tiyinga tushdi.

2025-yilning dastlabki kunlarida AQSh valyutasining kursi ketma-ket oshishda davom etmoqda. Kuni kecha, 3-yanvar kuni kurs 10 so‘m 27 tiyinga oshib, 12 915,18 so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq “Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sur’atining sekinlashishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar hamda keyingi yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar borasida suhbatlashgandi.

“Kap Depo"ning investitsion bankiri Muzaffar Roziqovning fikricha, 2024-yilda o‘zbek so‘mining 5%dan kam devalvatsiyasi avvalgi yillar fonida sezilarli o‘zgarish bo‘lib, unga nisbatan ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.

“Avesta Investment Group” katta tahlilchisi Shodlik Nazarov eksport faolligining yuqori darajasi, Markaziy bank siyosati hamda import o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi dollar kursini qo‘llab-quvvatlaganini qayd etdi.

Roziqov 2025-yilda AQSh dollarining kursi 13 340 so‘mdan oshishini, Nazarov esa kurs 14 ming so‘mdan pastda qolishi mumkinligini prognoz qilmoqda.