Avvalroq elektr energiyasi uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda biznesni elektr tarmog‘idan uzishni to‘xtatish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Prezident qarzdorlikni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha topshiriq berdi.

Davlat rahbarining 27-dekabrdagi farmoni bilan belgilangan yo‘l xaritasida yuridik shaxslarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni korporativ kartadan mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish tizimini joriy etish belgilangan.

Bu bo‘yicha Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgazta'minot"ga normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, 2025-yilning fevraliga qadar kiritish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda korporativ iste’molchilar to‘lovlarini yagona shaxsiy varaqda yuritish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. “Hududgazta'minot” yanvar oyida ichki buyruq chiqarishi va hududiy filiallarida amalda qo‘llanilishini ta’minlashi kerak.

Bundan tashqari, tabiiy gaz iste’molini onlayn nazorat qilish maqsadida “Hududgazta'minot” davlat kompaniyasining “Hududgaz Corporate” dasturini Soliq qo‘mitasining “my.soliq.uz” dasturi bilan integratsiya qilishni yakunlash topshirildi.

Bunda elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) ulgurji iste’molchilarga hisobot oyi davomida xatoliklarsiz to‘liq jo‘natilishi kerak.

Energetika vazirligi va “Hududgazta'minot"ga 2025-yilning martigacha tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Uning doirasida:

  • tabiiy gaz yetkazib berish uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda iste’molchi to‘lov zarurligi to‘g‘risida avtomatik tarzda (ovozli qo‘ng‘iroq yoki SMS-xabar yordamida) xabardor qilinadi;
  • to‘lov bir ish kuni davomida amalga oshirilmagan taqdirda, gaz ta’minotini to‘xtatish nazarda tutiladi.

Avvalroq “Spot” biznes tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun limitdan tashqari qanday to‘lov qilishi haqida xabar bergandi.