Energetika vazirligining bayonotiga qaramay, Toshkentda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari hamon majburiy ravishda o‘chirilgan. Bu haqda kecha bir nechta bozor ishtirokchilari “Spot"ga ma’lum qildi.
2-yanvar kuni Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov 2024-yilning dekabr oyi o‘rtalarida tegishli idoralar tomonidan reyd o‘tkazilib, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilganini bildirgandi. Idoralar aralashuvidan so‘ng elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari elektr tarmog‘iga qayta ulangan.
“Texnik shartlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha muammolarga ega 11ta stansiyaga hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun muddat belgilandi. Ayni paytda ular ham tarmoqqa ulangan bo‘lib, bugun Toshkentda bironta ham o‘chirilgan quvvatlantirish stansiyasi yo‘q”, — dedi Umid Mamadaminov.
Kompaniyalardan birining “Spot"ga ma’lum qilishicha, barcha zaryadlash stansiyalari ham tarmoqqa qayta ulanmagan. Boshqa bir elektr ta’minoti operatori ham avval o‘chirilgan stansiyalar qayta tiklanganini tasdiqlamadi.
Shu bilan birga, ikkala bozor ishtirokchisi ham zaryadlash stansiyalarini, ular muhrlangan bo‘lishiga qaramay, mustaqil ravishda ulash niyatida. Xususan, elektr ta’minoti shoxobchalari elektr energiyasini sotish bilan shug‘ullanuvchi “Energosado” — “Hududiy elektr tarmoqlari” shuba korxonasi tomonidan plombalanmoqda.
“Elektrzapravkalar"dagi o‘chirilishlar
17-dekabr kuni O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari majburiy ravishda o‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bir nechta bozor ishtirokchilarining “Spot"ga xabar berishicha, stansiyalardagi birinchi uzilishlar bir hafta oldin boshlangan.
Kompaniyalar o‘chirilishlar haqida ogohlantirilmaganini hamda huquqiy hujjatlar taqdim etilmaganini ta’kidlashdi. Bu haqida ular stansiyalar faoliyatini nazorat qilish vaqtidagina bilib olishgan.
Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev vazirlik tomonidan stansiyalar faoliyatiga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini “Spot"ga ma’lum qildi. “Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish tarafdori”, — dedi u.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari operatorlari Kadastr agentligidan stansiyalarni demontaj qilish talabi bilan ko‘rsatma oldi. Agentlikning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, tekshiruvlar natijasida yer uchastkalaridan “maqsadsiz” foydalanish holatlari aniqlangan. Xususan, boshqa maqsadlar uchun ajratilgan hududlarda stansiyalar o‘rnatilgan.
Undan keyin O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘chirilayotgani yuzasidan Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga so‘rov yubordi. Deputat stansiyalar faoliyati cheklanishi hamda demontaj ishlarining qonuniyligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berishni so‘ragandi.